Rossiyada Checheniston misolida mamlakat bo‘ylab harbiy tayyorgarlik markazlarini ochish taklif qilindi. Bunday tashabbus bilan Kreml vakillari Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qildi.
Markazlarni ochishni Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari, Rossiya prezidentining Uzoq Sharq federal okrugidagi vakolatli vakili Yuriy Trutnev va Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko taklif qilgan. Jangchilarni tayyorlash markazlari Chechenistonning Gudermesdagi Rossiya maxsus kuchlari universitetiga o‘xshash tarzda tashkil etiladi.
“Kiriyenko va men Vladimir Putinga yigitlarni tayyorlash uchun shu kabi o‘quv markazlarini yaratish taklifi bilan murojaat qildik. Gudermesda bunday ishlar amalga oshirilgan, u bugungi kunda nafaqat Checheniston, balki Rossiyaning salmoqchi qismi uchun ham o‘quv markaziga aylandi. Birgalikda bu ishni davom ettiramiz, boshqa hududlarda markazlar tashkil qilamiz”, — dedi Trutnev.
Unga ko‘ra, markazlar Gudermesdagi Rossiya maxsus kuchlari universiteti asoschilaridan biri Daniil Martinov yordamida yaratiladi.
“Bu markazlarning vazifasi juda oddiy bo‘lib, Rossiya yanada kuchli bo‘lishi va imkon qadar tezroq g‘alaba qozonishiga qaratilgan”, — deb tushuntirdi Trutnev.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya oliy o‘quv yurtlarida “Harbiy tayyorgarlik asoslari” kursi paydo bo‘ladi. Kurs bakalavriat va mutaxassislik ta’lim dasturlariga kiritiladi. Talabalar Rossiyaning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy-texnik rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini, xalqaro munosabatlarning xususiyatlarini o‘rganadi.
Izoh (0)