“Daryo” internet-nashri Toshkent shahri hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi bilan birgalikda “Mahalla. Muammo. Mulohaza” loyihasini taqdim etib kelmoqda. Loyihaning 11-soni mavzusi “Tazyiq va zo‘ravonlik — nomardlik” bo‘lib, dastur mehmoni sifatida iqtisod fanlari doktori, professor Barnogul Sanakulova taklif etildi.
Menga o‘xshab mana shu mavzuni to‘xtovsiz olib chiqishga harakat qilayotganlarga nisbatan turli vajlar bilan, go‘yoki mansab, amal xohlagani uchun shunday qilyapti, degan fikrni yig‘ishtirib qo‘yishimiz kerak. Issiq kresloda xalqdan ajralib o‘tirgan rahbarlardan farqli ravishda, xalq ichida bo‘lib, davlat kelajagiga o‘zimizni bog‘laganmiz. She’r-qo‘shiq aytmasdan, “O‘zbekiston 24” kanaliga chiqib olib bong urmasdan tanqid qiladigan, kuyinib gapiradigan darajada vatanparvarmiz. Chunki vatanparvarlik faqat maqtash emas, tanqid ham qila olish.
Bugun biz muammoni tanqid-tahlil qilib, yechim berib, kamiga xizmat qilishga tayyor turgan vatanparvarlarni jazolashga, sazoyi qilishga, ovozini o‘chirishga harakat qilyapmiz. Bu – jamiyatda eng yomon signal. Aksincha, davlatni maqtab, muammolarga ko‘z yumib, yasalgan statistikani, reallikdan yiroq bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etib, yolg‘on kartina yasayotganlar eng katta dushman sanaladi.Kambag‘allikni kamaytirish, oilalarda zo‘ravonlikka barham berish, ayollarni ish bilan ta’minlash borasida katta loyihalar amalga oshirilyapti, juda yuqori miqdordagi mablag‘lar sarflanyapti. Yuqori qatlam zo‘r ishlayapti-da, quyi qatlam aziyat chekyapti. Chunki hamma gap – o‘rta qatlamda, ijro hokimiyatida. Qonun, qaror, farmonlar turli xil “lazeyka”lar bilan chiqarilyapti. Asosiy budjetni o‘marish ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘larga to‘g‘ri kelyapti, – deydi Barnogul Sanakulova.
Ko‘rsatuvni to‘liq tarzda “Daryo”ning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilish mumkin.
Izoh (0)