Bojxonachilar tomonidan Surxondaryo viloyati “Darband” YPX maskanida qiymati 194 million 175 ming so‘m bo‘lgan pirotexnika vositalari to‘xtatib qolindi.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan olingan ma’lumotga asosan, 21-noyabr kuni viloyat DXX va yo‘l-patrul xizmati xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir natijasida Denov tumanida yashovchi fuqaro J.A. boshqaruvida bo‘lgan Isuzu avtotransport vositasi Boysun tumani “Darband” YPX maskanida xolislar ishtirokida to‘xtatilgan. Xizmat iti yordamida ko‘zdan kechirilganda avtotransport vositasi yukxonasi ichida qiymati 122 million 175 ming so‘m bo‘lgan 814 blokda 407 250 dona “Britanik” nomli va qiymati 72 million so‘m bo‘lgan 480 blokda 240 000 dona “Treniya” nomli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi. Ushbu holatda jami 194 million 175 ming so‘m bo‘lgan 647 250 dona pirotexnika vositalari ashyoviy dalil sifatida olinib, holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)