Safarbarlik doirasida urushga jo‘natilgan Rossiya fuqarolari Ukraina Qurolli kuchlarining texnikalarini yo‘q qilish va qo‘lga olish evaziga pul mukofoti oladi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligining “Zvezda” telekanali xabar berdi.
Xususan, vazirlik yo‘q qilingan Ukraina samolyotlari uchun 300 ming rubl (4,9 ming dollar) vertolyot uchun 200 ming rubl (3,3 ming dollar), tank uchun 100 ming rubl, dronlar, bronetransportyor, jangovar mashinalar, raketa tizimlarining har biri uchun 50 ming rubldan (800 dollar) to‘lashni va’da qilmoqda.
“Shuningdek, dushman shaxsiy tarkibini yo‘q qilish va boshqa topshiriqlarni bajarishda eng ko‘zga ko‘ringan harbiy xizmatchilarga 100 ming rublgacha (1,6 ming dollar) to‘lanishi mumkin”, — deya xabar beradi “Zvezda”.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmoniga binoan 21-sentabr kuni Rossiyada e’lon qilingan “qisman safarbarlik” doirasida Ukrainada jang qilayotgan fuqarolarga oyiga kamida 195 ming rubl (3,2 ming dollar) miqdorida to‘lov va’da qilingan.
Safarbarlik boshlanganidan so‘ng harbiy xizmatga chaqirilganlarga to‘lov miqdori to‘g‘risida harbiy komissarlik va hududiy hokimliklar vakillaridan qarama-qarshi ma’lumotlar kelib tushdi. Safarbar qilganlarning o‘zlari va’da qilingan pulni olmaganidan shikoyat qilgan. Jumladan noyabr oyi boshida Ulyanovsk viloyatida va’da qilingan pul berilmagani sababli Chuvashiyadan safarbar qilinganlar ommaviy namoyish o‘tkazgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.
Izoh (0)