Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Xersonga tashrif buyurdi. Bu haqda guvohlarga tayanib, Reuters xabar bermoqda.
Ukraina rasmiylari davlat rahbarining yaqinda Rossiya bosqinidan ozod qilingan shaharga tashrifi haqida hozircha ma’lum qilgani yo‘q. Odatda Zelenskiyning ozod qilingan hududlarga safarlari haqida oldindan e’lon qilinmaydi.
Nashrning yozishicha, u yerda Zelenskiy Ukraina tinchlik muzokaralariga tayyorligini yana bir bor ma’lum qilgan.
“Biz olg‘a intilyapmiz va tinchlikka, butun mamlakatimiz uchun tinchlikka tayyormiz”, — dedi Zelenskiy.
Xersonda davom etayotgan “barqarorlashtirish choralari” va minalarni zararsizlantirish ishlari tufayli jurnalistlarga shaharga kirish hozircha taqiqlangan. Bir qancha jurnalistlar, jumladan, CNN va Sky News g‘arbiy telekanallari Xersondan reportaj tayyorlaganidan so‘ng, Ukraina hukumati ularni akkreditatsiyadan mahrum qildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Rossiya Mudofaa vazirligi Xersondan chekinayotgani haqida xabar berdi. 11-noyabr kuni kechqurun Ukraina harbiylari Xerson shahri va uning atrofidagi qishloqlarga kira boshladi. Ularni kutib olish uchun minglab aholi Ukraina bayroqlari bilan ko‘chaga chiqdi.
Izoh (0)