Afg‘onistonning G‘or viloyatida “Tolibon”ning harakatini Facebook’dagi postlarida tanqid qilgan yigit hibsga olindi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yigit viloyatdagi tashkilotlardan biriga ishga kirgach, “Tolibon” uning kelib chiqishini tekshirish uchun razvedka boshqarmasiga olib ketdi. Uning Facebook’dagi sahifasi tekshiruvdan o‘tgandan keyin “Tolibon” yigitni qamoqqa oldi.
“U hamon qamoqda va “Tolibon” tomonidan qiynoqqa solinmoqda”, — deya xabar berdi manba.
Afg'onistonda “Tolibon” hokimiyatga qaytganidan beri ko‘plab odamlar ijtimoiy media platformalarida ushbu guruhni tanqid qilgani uchun hibsga olingan va qiynoqqa solingan. Bundan tashqari bir necha kun oldin “Tolibon”ning ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish bo‘yicha adminstratsiyasi vakili Maryam ismli o‘smir qizni unga turmushga chiqishdan bosh tortgani uchun o‘ldirdi. Afg‘onistonda mahalliy ayollarga nisbatan muntazam ravishda taqiqlar joriy qilinmoqda. Ayollarga yuzi ochiq holda va erkak qarindoshining hamrohligisiz ko‘chaga chiqish, shuningdek, muayyan lavozimlarni egallash, jumladan, ommaviy axborot vositalarida ishlash taqiqlangan.
Izoh (0)