Rossiya prezidenti Vladimir Putin fuqarolikdan mahrum qilish ehtimoli to‘g‘risidagi qonun loyihasiga o‘zgartirish kiritdi. Unga ko‘ra, armiya haqidagi soxta xabarlar, uni obro‘sizlantirish, nomaqbul tashkilotlarda qatnashish, hududiy yaxlitlikni buzishga chaqiriqlar uchun fuqarolikdan mahrum qilish taklif qilinmoqda.
Hujjatga ko‘ra, fuqarolikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qaror “Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga tahdid soladigan harakatlar sodir etilgan va bunday harakatlar fakti aniqlangan sanalardan qat’i nazar” qabul qilinishi mumkin. Bunday harakatlar faktini tekshirish Federal xavfsizlik xizmati zimmasiga yuklanadi.
Rossiya Davlat Dumasi fuqarolikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini aprel oyi boshida birinchi o‘qishda qabul qilgan edi. Hujjatning dastlabki nusxasida davlatga qarshi og‘ir jinoyatlar, terrorchilik faoliyati, narkotik moddalar savdosi va hujjatlarni qalbakilashtirish uchun fuqarolikdan mahrum etish taklif qilingan. Fuqarolikni tugatish to‘g‘risidagi qarorlar Rossiya prezidenti tomonidan majburiy tasdiqlanishi kerak.
Bundan tashqari, qonun loyihasi Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza beruvchilarning 20 dan ortiq toifalariga qo‘yiladigan talablar sonini qisqartiradi. Hujjat, shuningdek, prezidentning soddalashtirilgan fuqarolikni olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifalarini belgilash bo‘yicha vakolatlarini kengaytiradi.
Izoh (0)