Andijon va Namangan viloyatlarida kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi.Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Buloqboshi tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “Sh.A.” MCHJ rahbari R.A. bank filialidan ajratilgan 500 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i evaziga ta’minotchi korxonadan qabul qilib olgan maishiy texnika jihozlari sotuvidan tushgan mablag‘larni kredit qarzdorligini so‘ndirishga yo‘naltirmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Shu kabi, departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “K” MCHJni norasmiy boshqarib kelgan M.K. va boshqalar MCHJga tikuv dastgohlarini sotib olish uchun ajratilgan 170 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini boshqa maqsadlarda foydalanib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)