Buxoro viloyati Peshku tumanida Majburiy ijro byurosi xodimiga tajovuz qilgan fermer va uning o‘g‘li qamoqqa olindi.
Qayd etilishicha, Peshku tumanlararo iqtisodiy sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor “Varaxsha tulpori” fermer xo‘jaligining undiruvchi DSI va boshqalardan 93 million so‘m qarzdorlikni undirish belgilangan.
Ijroni ta’minlash maqsadida byuroning tuman bo‘limi davlat ijrochilari 22-oktabr kuni soat 11:30 da tumanning “Varaxsha” MFY hududida joylashgan “Varaxsha tulpori” fermer xo‘jaligi dala shiyponiga borib, qarzdor fermerga ijro hujjati talablarini tushuntirayotgan vaqtda qarzdor fermer va uning o‘g‘li to‘satdan davlat ijrochisiga tashlanib, uning bo‘ynidan bo‘g‘ib, tan jarohati yetkazgan.
O‘sha joyda bo‘lgan davlat ijrochilari va ichki ishlar xodimlari fermer va o‘g‘lining xatti-harakatlarini to‘xtatgan. Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tajovuzkor fermer va o‘g‘li ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)