Amerikalik milliarder Ilon Mask va uning Tesla kompaniyasi ustidan aksiyadorlar sudga da’vo arizasi berdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Da’vogarlar Maskni robotaksi imkoniyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatishda, aksiyalar qiymatini oshirish uchun texnik muammolar haqida sukut saqlaganlikda ayblamoqda. Jamoaviy da’vo kompaniyaning iyun oxirida o‘tkazgan robotaksilar sinovidan so‘ng qo‘zg‘atilgan. Sinovda avtomobillar tezlikni oshirgani, keskin tormoz bosgani, bordyurdan oshib o‘tgani, noto‘g‘ri yo‘lakka kirgani va yo‘lovchilarni ko‘p qatorli yo‘l o‘rtasida tushirib ketgani qayd etilgan.
Sinov boshlanganidan keyingi ikki kunda Tesla aksiyalari 6,1 foizga arzonlashgan. Kompaniyaning bozor qiymati taxminan 68 milliard dollarga kamaygan.
Aksiyadorlarga ko‘ra, Tesla lidar va radarlarni e’tiborsiz qoldirib, faqat kameralardan foydalanishda davom etmoqda, bu esa texnologiya xavfsizligiga oid savollarni keltirib chiqaradi. Lidar lazer nurlaridan foydalanib masofa va obyektlarning shaklini aniqlash texnologiyasi hisoblanadi.
Mask avvalroq 2024-yilda “milliondan ortiq” robotaksi ishlab chiqarishni va’da qilgan edi, biroq bu muddatni 2026-yil oxiriga surgan. Savdolarning pasayishi va daromadning keskin qisqarishiga qaramay, Mask ommaviy arzon elektromobilga zarar yetkazgan holda robotaksi va Optimus robotiga e’tibor qaratishda davom etmoqda.
Izoh (0)