Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolov sud qarorini bajarishdan bosh tortgani uchun 4,5 million so‘m miqdoridagi jarimaga tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook‘dagi sahifasida xabar berdi.
Tashanovning yozishicha, Toshkent viloyatidagi maktab direktori Saida Hoshimova avvaliga tuhmat bilan sudlangan. So‘ng Oliy sudgacha chiqib, oqlangan. Va lavozimiga tiklanishi bo‘yicha sud qarori ham chiqqan. Biroq, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hoshimovani ishiga tiklamagan.
Saidaning ham oilasi bor, bola-chaqasi bor. Ishsiz, tuhmat bilan sudlandi. Uning hayotini izdan chiqargan, boshiga itning kunini solgan muttahamlar ishlab yuribdi, javobgar bo‘lgani yo‘q. Shunday ekan, bizga qarori bajarilmaydigan, so‘zi latta kesmaydigan sudlar nega kerak? Ularni boqib nima qilamiz, anarxiyaga ko‘nib qo‘ya qolsak bo‘lmaydimi?, — deya fikr bildirgandi Abdurahmonov Tashanov voqea avvalida.Bugun vaziyat haqida qo‘shimcha axborot bergan Facebook foydalanuvchisining yozishicha, Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani bo‘linmasi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolovni sud qarorini bajarmagani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari (4 500 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortgan.
Izoh (0)