24-oktabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan marshal Nedelinning va boshqa yuzlab insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan Boyqo‘ng‘irdagi portlash, imperator buyrug‘i bilan Ermitajga olib kelingan mushuklar va Kleopatraning dunyodagi yagona dastxatiga oid faktlar o‘rin olgan.
Yuzlab odam o‘limiga sabab bo‘lgan Boyqo‘ng‘irdagi portlash
1960-yilning 24-oktabr kuni Boyqo‘ng‘ir kosmodromida R-16 raketasi sinov vaqtida portlash va yong‘in yuz bergandi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, 126 kishi, jumladan, Strategik raketa qo‘shinlari bosh qo‘mondoni artilleriya bosh marshali Mitrofan Nedelin halok bo‘lgan. Raketa ixtirochisi Mixail Yangel parvoz boshlanishidan oldin sigaret chekish uchun chiqib ketgani bois, baxtli tasodif bilan omon qolgan. Bu SSSR raketa tarixidagi eng keng ko‘lamli halokat hisoblanadi.1956-yilning 17-dekabr kuni SSSR Vazirlar Kengashining “R-16 qit’alararo ballistik raketani yaratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Birinchi qit’alararo ballistik raketani yaratishga Mixail Yangel mas’ul etib belgilangan. Loyiha eskizi 1957-yilning noyabrida tayyor bo‘lgan. 1958-yilning yanvarida esa uni akademik Mstislav Keldish boshchiligidagi ekspert komissiyasi ma’qullagan.
R-16 ikki pog‘onali raketa edi — bo‘g‘inlari ko‘ndalang bo‘linuvchi va monoblok bosh qism. Yangel yuqori qaynoq komponentli raketalar tarafdori bo‘lgan. Parvoz sinovlarining boshlanishi borasida R-16 raketasi ilgarilab ketgan. Strategik raketa qo‘shinlari Yangelni har tomondan qo‘llab-quvvatlagan. 1960-yilning avgustida R-16 ning birinchi va ikkinchi bo‘g‘inlari dvigatellari sinovlari boshlangan. Sentyabr oyida Boyqo‘ng‘ir poligoniga konstruktorlik sinovlari uchun birinchi sinov raketasi yetib kelgan. Bu vaqtda poligonda yer usti start maydoni va texnik pozitsiya qurib bo‘lingan.
Fojia 41-maydonchada R-16 ning birinchi parvoziga tayyorgarlik vaqtida sodir bo‘lgan. Raketasozlikka qiziqib ketgan Nikita Xrushchyov muhandislarni shoshirgan. 1960-yilning 25-oktabr kuni SSSR Oliy kengashining navbatdagi sessiyasi boshlanishi kerak edi, shu sababli birinchi kotib Boyqo‘ng‘irdagi marshal Mitrofan Nedelinga tinmay qo‘ng‘iroq qilib, “sinovlarni tezlashtirishni” buyurgan. Shuningdek, Oktabr inqilobini nishonlash sanasi ham yaqinlashib qolgandi.
Dastlab parvoz 23-oktabrga rejalashtirilgan. Ertalab raketani montaj-sinov korpusidan startga olib chiqish boshlangan.
“Raketalar o‘ziga xos marosim orqali kuzatiladigan kosmik startlardan farqli o‘laroq, mazkur holatda barchasi odatdagi zaylda amalga oshirilgan. Og‘ir yuk ortilgan tirkama beton yo‘lak bo‘ylab harakatlanib, darvozadan kirgan va start maydonchasida to‘xtagan. O‘qqa o‘rnatilgan maxsus troslar tizimi uni vertikal holatga keltirgan”, — deydi “Raketa halokatlari sirlari” kitobi muallifi muhandis-fizik Aleksandr Jeleznyakov.
Yonilg‘i quyish muvaffaqiyatli yakunlangan, ammo keyin dvigatellar avtomatikasi elektrosxemasida nosozlik paydo bo‘lgan. Bak yonilg‘iga to‘la bo‘lgan holatda nuqsonni bartaraf etish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Parvoz kechiktirilgan va Yangel yonilg‘ini to‘kishni, raketani zavodga qaytarishni, Boyqo‘ng‘irdan esa boshqa R-16 ni uchirishni taklif qilgan. Biroq ikkinchi raketani tayyorlashga vaqt yo‘q edi.
Marshal Nedelin Xrushchyovning topshirig‘ini bajarishga tirishgan. Shu sababli parvoz bir kun keyinga — 24-oktabr dushanba kuniga ko‘chirilgan. Shu kunda SSSR rahbari ikki marta qo‘mondonga qo‘ng‘iroq qilgani ma’lum. Yakuniy qaror kim tomonidan qabul qilingani ma’lum emas, ammo bunda asosan hukumat talabidan kelib chiqilgan.
24-oktabr kuni kechasi uchirishdan oldingi ishlar davom etayotgan, parvozga 30 daqiqa qolgani e’lon qilingan vaqtda Yangel bunker ko‘rinishida qurilgan binoga o‘tib, sigaret chekkan.
SSSR Raketa qurollanish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Mrikin va bosh konstruktor Andronik Iosifyan ham shu yerga yo‘l olgan.
“Marshal Nedelin qo‘mondonlik punktidagi stulda o‘tirganini ko‘rdim. Uning yonida adyutanti podpolkovnik Salo ham bor edi. Soat 18:45 da chaqnash sodir bo‘ldi, oradagi 10 metr masofani juda tez bosib o‘tganimni bilaman. Qumga yiqilganimda, portlash ovozini eshitdim. Alanga hamma joyni qoplagan edi. ‘Yonyapman’, deb o‘yladim: hammasi tugadi. Nimadir menga ‘yugur!’, degandek bo‘ldi. Yugurdim, ammo alanga qurshovida qolib, qum ustida dumalay boshladim. O‘rnimdan tursam ham yonaverdim. Ikkinchi sutkada gospitalda uyg‘ondim”, — deydi aloqachi Maslov.
Nedelin raketa ostidan 15 metr narida o‘tirgan va omon qolish imkoniyati bo‘lmagan. Uning jasadi deputatlik nishoni orqali aniqlangan: u halok bo‘lganlar orasidagi SSSR Oliy Kengashining yagona deputati edi.
Mashinasozlik vazirligi o‘rinbosari Lev Grishin, Yangelning o‘rinbosari konstruktor Lev Berlin, boshqaruv tizimlari bo‘yicha bosh konstruktor Boris Konoplyov halok bo‘lgan. Kuyish jarohatini olganlarning aksariyati keyinchalik gospitallarda halok bo‘lgan.
Yonayotgan odamlarga yordam bermoqchi bo‘lgan Yangelni zo‘rg‘a ushlab qolishgan. Kechga borib R-16 raketasi konstruktori infarktni boshidan o‘tkazgan. Yangel Moskvada o‘tirgan Xrushchyovga hisobot bergan: “uchirish operatsiyasining so‘nggi bosqichida yonilg‘i komponentlari bakidagi nosozlik sabab yong‘in yuz berdi. Hodisa oqibatida 100 yoki undan ortiq odam jarohat oldi. Shuningdek, o‘nlab inson halok bo‘ldi. Artilleriya marshali Nedelin sinov maydonchasida edi. Hozirda uni qidirishmoqda. Olov va azot kislotasidan kuyish jarohatini olganlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilishini so‘rayman”.
Fojia oqibatida 126 kishi — konstruktorlar, muhandislar va sinovchilar halok bo‘lgan. O‘shandan buyon Boyqo‘ng‘irda 24-oktabr kuni raketalar uchirilmaydi.
Keyingi hafta halokat sabablarini o‘rganish uchun poligonga Oliy Kengashi Prezidiumi raisi Leonid Brejnev boshchiligidagi hukumat komissiyasi yetib kelgan. Hodisa texnika xavfsizligining qo‘pol buzilishi natijasida yuz bergani aniqlangan. “Hech kimni jazoga tortmaymiz, aybdorlarning barchasi jazosini olib bo‘ldi”, — degan tergov yakunida Brejnev. Shunday qilib, halokat aybdori sifatida Nedelin topilgan.
Imperator topshirig‘iga ko‘ra keltirilgan Ermitaj mushuklari
Ermitaj mushuklari — Peterburgdagi Qishki saroy qurilganidan beri u yerda rasman saqlanuvchi mushuklar bo‘lib, kalamush va sichqonlarning ko‘payishining oldini olib keladi. Muzey direktoriga ko‘ra, “mushuklar — Ermitaj hayotining afsonasi va ajralmas qismidir”.
Ermitaj mushuklarining tarixi Pyort I tomonidan Gollandiyadan olib kelinganidan boshlanadi; ma’lumotlarga ko‘ra, mushukning laqabi Vasiliy bo‘lgan. Boshqa bir versiyaga ko‘ra, Vasiliy Pyotr bir tomonidan 1724-yilda gollandiyalik savdogarning uyidan olingan. Imperator ko‘rsatmasida shunday deyilgan: “sichqon va kalamushlar ko‘payishining oldini olish uchun omborlarda mushuklar saqlansin”.
XVIII asrda Qishki saroyda sichqon va kalamushlar ko‘payib ketib, devorlarni kemirib tashlagan. Imperator Yelizaveta Petrovna Qozon mushuklari sabab shaharda kemiruvchilar yo‘qolib ketganidan xabar topgan. Shu bois 1745-yilning 24-oktabr kuni u “Saroyga mushuklarni keltirish to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan.
“Qozondan eng yaxshi va katta 30 ta mushuk ushlanib, uni imperator hazrati oliyalarining Sankt-Peterburdagi saroyiga yuborilsin…”.
Qaror zudlik bilan amalga oshirilgan; mushuklar o‘z ishini qilgan va saroyda kemiruvchilar deyarli qirilib ketgan. Qishki saroy qurilgach, mushuklar uchun alohida bino qurilgan bo‘lib, bular u yerga tez moslashib ketgan. Ermitaj asoschisi Yekaterina II mushuklarni yoqtirmagan, ammo ularning saroyda qolishiga ruxsat berib, “galereya kartinalari qo‘riqchilari” maqomini bergan va ularni ikki toifaga ajratgan: xonaki va yovvoyi.
Ermitajdagi mushuklar Napoleon bilan urush va sovet hukumati davridagi inqilobdan keyin ham yashagan. Leningrad qamali vaqtida barcha mushuklar halok bo‘lgan va Qishki saroyni kalamushlar bosgan. 1941-yilda san’at asarlari Ural va Sverdlovskka olib ketilgan, muzeyning yerto‘lalari bombalardan himoyalaniladigan boshpanaga aylangan. Leningraddagi urushdan keyin 5 mingta mushuk olib kelingan va ular Ermitajga kiritilgan. Tez orada kalamushlar yana yo‘qolgan.
1960-yillarga kelib, mushuklar juda ko‘payib ketgan. O‘shanda ularning “xizmati”dan voz kechishga qaror qilingan. Biroq kalamushlarga qarshi kimyoviy vositalar o‘zini oqlamagan va tez orada mushuklar yana qaytarilgan.
Mushuklar Ermitaj hududi bo‘ylab erkin harakatlana oladi, biroq muzey zallariga kirishi cheklangan.
Kleopatraning imzosi tushirilgan papirus
2000-yilning 24-oktabr kuni Berlindagi Misr muzeyida Kleopatraning yagona dastxati topilgan. Bu qadimgi Misr malikasining shaxsiyatiga oid ma’lumotlarni o‘rganishda qo‘l kelgan. Chunki u haqida ma’lumotlar juda oz.Niderlandiyalik papirolog Petere Van Minnening so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjatga eramizdan oldingi 33 yil sanasi tushirilgan bo‘lib, u Misrdagi rimlik bir martabali shaxsga imtiyozlar berishni nazarda tutadi. Hujjat bilan Publik Kanidiy ismli fuqaro soliqlardan ozod etilgan. U Mark Antoniyning o‘ng qo‘li qolib, dengiz janglarida armiya qo‘mondoni bo‘lgan. Kleopatra tomonidan taqdim etilgan imtiyozlar Misr bilan aloqalarni mustahkamlashi kerak edi. Pubiy Kanidir Aksidagi mag‘lubiyatdan keyin Oktavianning buyrug‘iga binoan o‘ldirilgan.
Van Minnenning xulosasiga ko‘ra, ushbu hujjat ma’muriy zinalar orqali quyiga yuborilgan oddiy nusxa emas, chunki bundan holatda matnda qandaydir kirish qismlari bo‘lishi kerak edi. Matn o‘ng qo‘lda yozilgan va ko‘p joyni egallagan. Kalligrafiyaning yo‘qligi ushbu hujjat Aleksandriya yuqori rahbariyatining ichki xizmat xati ekanini bildiradi.
Matn oxirida boshqa bir inson tomonidan tushirilgan dastxat bor. U asosiy matndan farq qiladi. Aftidan, bu Kleopatraning o‘zini shaxsiy imzosi bo‘lgan, chunki qarorlarni faqat hukmdor qabul qila olgan.
Kleopatraning imzosi ikkita grekcha sozdan iborat bo‘lib, uni “Shunday bo‘lsin” deya tarjima qilish mumkin.
Kleopatraning hayoti va o‘limi haqidagi sirlar
Kleopatraning tashqi ko‘rinishi haqida faqatgina uning zamondoshlari xotirasiga tayanib xulosa qilish mumkin. Masalan, IV asrda yashagan rimlik olim Avreliy Viktor o‘tgan asrlardagi ma’lumotlar asosida shunday degan: “U shu qadar axloqsiz va go‘zal ediki, ko‘plab erkaklar u bilan bir kecha qolish uchun jonidan voz kechardi”. Kleopatraning tasvirini ko‘rgan Plutarx ham u haqida yozgan: “Bu ayolning go‘zalligi beqiyos deb ataladigan va bir qarashda hayratga soladigan emasdi. Ammo uning munosabati ta’riflab bo‘lmas jozibali edi va shu boisdan uning har bir harakati, aytgan so‘zi yurakka yetib borardi”.
Biroq malikaning go‘zal bo‘lganini isbotlovchi biror dalil mavjud emas. Uning eng mashhur haykali ham Kleopatra o‘limidan keyin qizining to‘yiga ishlangan. Aytgancha, malikaning qizini ismi ham Kleopatra bo‘lgan. Dalillar yo‘qligiga qaramay, ko‘plab tarixchilar Kleopatraning eng chiroyli ayollardan biri hisoblaydi. Ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshi fikrlar ham mavjud. Ayrim tadqiqotchilarga ko‘ra, malika burni qiyshiq erkakshoda ayol bo‘lgan. Bunday fikr tarafdorlari Kleopatraning Misrdan topilgan qadimgi tangalariga tayanadi.
Ma’lumki, Kleopatra o‘zini Misr ma’budasi Isidaning qizi deb hisoblagan va kobralarning nishi xudolar oldiga eltishiga ishongan. Ayol nima sababdan bunday o‘lim topgani borasida eng ko‘p shu versiya ilgari suriladi. Suyuklisi Mark Antoniy vafotidan xabar topgan Kleopatra o‘z joniga qasd qilgan — kobra kuning ko‘kragidan chaqqan.
Kunlarning birida malika uch kundan keyin uni Rimga, Oktavianga g‘alaba sovg‘asi sifatida yuborishlarini aytgan. Kleopatra maktub yozgan. Oktavian uni o‘qigan zahoti odamlarini yuborgan — maktubda ayol o‘zini Antoniyning yonida dafn etishlarini so‘ragan. Kleopatra malikalar kiyimida o‘lik holda topilgan. Uning joriyalari ham vafot etgandi. Malikaning xosxonasida nima sodir bo‘lgani hozirga qadar aniq ma’lum emas. Manbalarga ko‘ra, ilonni bir dehqon olib kirgan. Kleopatra kobra zahridan vafot etgan. Ammo bitta kobra bir nechta ayolni o‘ldira olmasdi. Tarixchilarga ko‘ra, hodisa joyidan ilon ham topilmagan. Boshqa bir versiyada keltirilishicha, Kleopatra yonida zahar olib yurgan. Ushbu versiya malikaning ikki xizmatkori ham u bilan birga o‘lganiga isbot bo‘la oladi.
Yaqin vaqtlarga qadar Misr malikasi qayerda dafn etilgani haqida umuman ma’lumot bo‘lmagan. Ammo taxminlar mavjud. XXI asr boshlarida olimlar Kleopatraning daxmasi topilganini e’lon qilgan. Qazilma ishlari Aleksandriya shahri yaqinidagi ibodatxonada boshlangan. U yerda 120 metrli tunnel qazilgan. Arxeologlarning u Mark Antoniy bilan birga dafn etilganiga ishonchi komil bo‘lgan. Biroq uning jasadi topilmagan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.
Izoh (0)