“Daryo” internet-nashri hamda Toshkent shahri hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi hamkorligida tashkil etilgan “Mahalla. Muammo. Mulohaza” loyihasining 2-soni mehmoni — Telegram’dagi “Kurbanoff.net” kanali muallifi, iqtisodchi Shuhrat Qurbonov bo‘ldi. Ko‘rsatuvning bu galgi mavzusi — onlayn firibgarlik.
Shuhrat Qurbonov ko‘rsatuv davomida kredit uchun kafil bo‘lish masalasiga to‘xtaldi. Uning fikricha, kafillikni faqat yaqin insonlarga qilish kerak.
Ko‘pchilik adashadi bu masalada. Masalan, ishxonada hamkasbingiz iltimos qiladi: “Kir mashina olmoqchiman, oyligim yetmayapti. Kafil bo‘lib ber” deb. Keyin tanishingizga yo‘q deyolmaysiz, soddalik, o‘zbekchilik deb, rozi bo‘lasiz.Lekin kafillik degani — qochib ketsa, sen to‘laysan degani emas. Kafillik — har oy foiz to‘laydigan paytda asosiy qarzdorning puli yo‘q bo‘lsa, siz yuragingizni ushlab o‘tirasiz degani. U pulni to‘lamasa, sizning kartochkangizdan olib ketishadi. Avtomatik yechib olishadi, chunki kafillik shartnomasiga imzo qo‘yganingizda shu narsaga rozilik berasiz.
Shuning uchun, iloji bo‘lsa, kafillikni (o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydigan gapni aytaman) faqat yaqin odamlaringizga qiling. Uning uchun o‘zingiz to‘lashga rozi bo‘ladigan odamlargagina kafil bo‘lishni tavsiya qilaman.
Ko‘rsatuvni to‘liq tarzda “Daryo”ning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilish mumkin.
Izoh (0)