Venesuelaning Aragua shtatidagi Las-Texerias shahrida ko‘chki va suv toshqinlari qurbonlari soni 43 kishiga yetdi. Bu haqda Associated Press mahalliy hokimiyatga tayanib, xabar bermoqda.
Avvalroq 37 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Rasmiylarning ogohlantirishicha, ularning soni ortishi mumkin — qutqaruvchilar shahar ko‘chalarini vayronalar va chiqindilardan tozalash mobaynida daryodan 2 km uzoqlikda joylashgan quyi oqimga tomon harakatlanmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 56 kishi bedarak yo‘qolgan.
Shahar kvartallarini tozalash uchun og‘ir texnikalar qo‘llanilmoqda, qurbonlarni qidirish uchun dronlardan foydalanilmoqda, shuningdek, maxsus o‘qitilgan itlar ham jalb etilgan. Mahalliy aholi omon qolganlar va yordamga muhtojlarni qidirishda yordam bermoqda.
Las-Texerias aholisi 50 ming kishidan iborat. Shaharda hozir 317 ta uy butunlay vayron bo‘lgan, yana 750 tasi jiddiy zarar ko‘rgan.
Ko‘chki va suv toshqinlari Venesuelada o‘tgan hafta oxirida yog‘gan kuchli yomg‘ir sabab yuzaga kelgan.
Izoh (0)