Finlyandiya yilning birinchi yarmida tabiiy gaz iste’molini ikki baravar kamaytirdi. Bu haqda mamlakatning Helsingin sanomat nashri xabar bermoqda.
Yanvardan avgustgacha Finlyandiya taxminan 8,8 teravatt-soat tabiiy gaz iste’mol qilgan. Bu 2021-yilning shu davriga nisbatan (17,8 teravatt-soat) deyarli ikki baravar kam.
Iste’molning qariyb 50 foizga qisqarishi Yevropa Ittifoqi (YI) mamlakatlari uchun rekorddir, — deya qayd etiladi xabarda.
Brugel tahlil markaziga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining boshqa hech bir davlati gaz iste’molini bunchalik sezilarli darajada kamaytirishga muvaffaq bo‘lmagan.
Yilning birinchi yarmida Yevropa Ittifoqida gaz iste’moli o‘tgan yilga nisbatan atigi 6 foizga qisqardi, ba’zi mamlakatlarda esa hatto biroz o‘sish kuzatildi.
Iyul oyida Yevropa Ittifoqi kelgusi qish mavsumida gazga bo‘lgan talabni 15 foizga qisqartirish rejasi bo‘yicha kelishib oldi. Avgust oyida Yevropa Komissiyasi (YK) elektr energiyasi narxini pasaytirish bo‘yicha favqulodda choralar ko‘rishini ma’lum qildi.
Yevropa davlatlari rasmiylari elektr energiyasi narxi oshishi sababli aholi va kompaniyalarga yordam berish uchun 114 milliard yevro ajratdi.
Shuningdek, YK gazda ishlamaydigan elektr stansiyalari, jumladan, quyosh, geotermal, atom va ba’zi gidroelektr stansiyalari uchun cheklangan daromadlarni joriy etish rejasini ishlab chiqdi.
Izoh (0)