31-avgust kuni tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov O‘zbekistonda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Daniyel Rozenblyumni qabul qildi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Norov elchini prezident farmoniga ko‘ra “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani yuzasidan tabriklagan.
Rozenblyum O‘zbekistondagi faoliyati davomida respublikaning barcha sohalarda islohotlarga guvoh bo‘lganini ta’kidlagan. AQSH hukumatining O‘zbekistonda siyosatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi qayd etilgan.
O‘zbekiston—AQSH Strategik sheriklik muloqoti doirasida qator tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani e’tirof etilgan. Ilgari erishilgan kelishuvlarning to‘liq ijrosi yuzasidan birgalikda ishlashga tayyorligi tasdiqlangan.
Ikki tomonlama darajada va “C5+1” shaklidagi bo‘lajak uchrashuvlar jadvali bo‘yicha fikr almashilgan.
“Elchi O‘zbekiston tomoniga mamlakatda diplomatik faoliyatini amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani va qulay sharoitlar yaratgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Qanday lavozimni egallashidan qat’iy nazar O‘zbekistonning do‘sti bo‘lib qolishini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)