Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa uchun yagona havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini yaratishni yoqlab chiqdi, deb yozadi Meduza.
Pragadagi Karl universitetida nutq so‘zlayotib, Shols Yevropada hamkorlikda havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini yaratish milliy darajadagidan ko‘ra arzonroq va samaraliroq bo‘lishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “birgalikda yaratilgan tizim butun Yevropa xavfsizligini oshirgan bo‘lardi”.
Pragadagi nutqida Shols Yevroittifoqni kengaytirishni ham yoqlab chiqdi. Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbiy Bolqon mamlakatlari, Ukraina, Moldova va istiqbolda Gruziya ham Yevroittifoqning bir qismiga aylanishi kerak.
“Bu kengayish Yevropa Ittifoqi manfaatlari yo‘lida. Bu kunlarda erkin Yevropa va neoimperialistik avtokratiya o‘rtasidagi ajratuvchi chiziq endi qayerdan o‘tishi haqidagi savol yana ko‘tarilyapti”, — dedi Shols.
O‘z nutqida u Ukrainaning havo hujumiga qarshi mudofaa va artilleriya sohasidagi salohiyatini oshirish uchun Germaniya alohida mas’uliyatni zimmasiga olishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Berlin Kiyevga yordam berishda davom etadi va yaqin haftalarda Ukrainaga zamonaviy qurol-yarog‘lar, shu jumladan, havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari, radarlar va uchuvchisiz uchar qurilmalarni yuboradi.
Mavzuga doir:
- Germaniya Ukrainaga qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt yordam ko‘rsatishni va’da qildi
- Shols Baydenning Rossiya hududiga zarbalar bera oladigan qurol-yarog‘ni Kiyevga taqdim etmaslik haqidagi fikrini qo‘llab-quvvatladi
- Germaniya kansleri urushdan oldin Putinni Ukraina yaqin 30 yil ichida NATOga qabul qilinmasligiga ishontirgan
Izoh (0)