Chexiyada bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari barcha rossiyaliklarga viza berishni taqiqlash g‘oyasini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi dargumon, dedi YI tashqi siyosati rahbari Jozep Borrel.
“Rossiyaning tinch aholisi bilan munosabatlarni to‘xtatish yordam beradi deb o‘ylamayman, bu g‘oya (rossiyaliklarga viza berishni taqiqlash) esa Chexiyadagi vazirlar yig‘ilishida kerakli yakdillikka ega bo‘lmaydi, degan fikrdaman”, — ta’kidladi u.
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning ayrim fuqarolari, xususan, rossiyalik oligarxlarga viza berish tartibini qayta ko‘rib chiqishi kerak.
30—31-avgust kunlari Pragada Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining “Gimnix” norasmiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda rossiyaliklarga turistik vizalar berilishini cheklash masalasi va boshqa masalalar muhokama qilinadi.
“TASS”ning Bryusseldagi diplomatik manbasi ta’kidlashicha, muhokamada Rossiya fuqarolarining ayrim toifalariga vizalar berilishini cheklash maqsadida Shengen qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritish haqida so‘z boradi. Shu bilan birga, Financial Times vazirlar Rossiya bilan viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvni to‘xtatib turish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqchiligini xabar qildi.
Izoh (0)