“Bornmut” rahbariyati APL 4-turida “Liverpul”ga qarshi o‘yinda 0:9 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng bosh murabbiy Skott Parkerni iste’foga chiqardi.
Parker 2021-yil yozidan buyon jamoani boshqarib kelayotgandi, uning jamoa bilan 3 yillik shartnomasi bor edi. Dastlabki mavsumining o‘zidayoq murabbiy “Bornmutni” Chempionshipdan Premyer Ligaga olib chiqqan.
APLda 18 yildan so‘ng ilk bor avgust oyida murabbiy iste’foga chiqarildi. Skotning ishdan ketishi Premyer Liga tarixidagi avgust oyidagi oltinchi iste’fo bo‘ldi.
So‘nggi bor 2004/05-yilgi mavsumda Bobbi Robson “Nyukasl”dan, Pol Starrok “Sauthempton”dan bo‘shatilgan.
Bunga qadar avgust oyida Rud Gullit, Kenni Dalglish (ikkalasi ham “Nyukasl”) va Piter Rid (“Manchester Siti”) iste’foga chiqarilgan.
Skot Parker APLning 2022/23-yilgi mavsum 1-turida “Aston Villa” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. Shundan so‘ng ketma-ket uchta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi.
Izoh (0)