Mart oyida musodara qillingan rossiyalik oligarx Dmitriy Pumpyanskiyning “Axioma” superyaxtasi Gibraltardagi auksionda sotildi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
Bu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyingi musodara qilingan superyaxtalarning birinchi kimoshdi savdosi sanaladi.
Pumpyanskiy shu yilning mart oyigacha Rossiyaning “Gazprom” davlat energetika kompaniyasiga po‘lat quvurlar yetkazib beruvchi “Oao Tmk” kompaniyasining egasi va raisi bo‘lgan.
Buyuk Britaniyaning ta’kidlashicha, milliarder 2,18 milliard yevroga yaqin boylik to‘plagan, “Putinga eng yaqin” oligarxlardan biri.
72,5 metrlik yaxta auksioni 23-avgust kuni Gibraltar Admiralty sudi tomonidan elektron shaklda bo‘lib o‘tgan. “Axioma”ni sotib olish uchun 63 ta taklif kiritilgan, 10-14 kun ichida ular ko'rib chiqiladi va g‘olib aniqlanadi.
Uning sotilishi munozaralarga sabab bo‘ldi, chunki u Ukraina xalqi manfaati uchun emas, balki Pumpyanskiyning 20,5 million yevrodan ortiq qarzi borligini da’vo qilgan AQSH investitsiya banki JP Morgan’ga sotilmoqda.
Bitimning aniq summasi sir saqlanadi. Savdolar boshlanganda yaxta 70-75 million yevroga baholangan.
JP Morgan faqat qarzga ko‘ra unga tegishli bo‘lgan 20,5 million yevroni talab qiladi. Gibraltar hukumatidagi manbaning ta’kidlashicha, qolgan pul katta ehtimol bilan auksion uyi hisoblarida muzlatiladi.
Shuningdek, 2022-yilning martidan avgustigacha ekipajning ish haqi, kemasozlik zavodini ijaraga olish va texnik xizmat ko‘rsatishga sarflangan mablag‘lar kemani sotishdan tushgan tushumdan yechib olinadi.
Dizayner Alberto Pinto tomonidan ishlab chiqilgan yaxta 2013-yilda Turkiyada Dunya Yachts tomonidan qurilgan. “Axioma”ni boshqa millionerlar haftasiga 558,5 ming dollarga ijaraga olishi mumkin edi.
Izoh (0)