“Lokomotiv” jamoasi bosh murabbiyi Denis Korostichenko iste’foga chiqdi. Bu haqida “temiryo‘lchilar” matbuot xizmati ma’lum qildi.
2021-yil dekabr oyidan buyon “Lokomotiv” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan Korostichenko klub rahbariyati qarori bilan iste’foga chiqarildi. Shuningdek, murabbiylar shtabida ishlab kelgan Andrey Miklyayev ham klub tomonidan vazifasidan ozod etilgan.
Jamoning Superligadagi qoniqarsiz natijalari murabbiyning ketishiga sabab bo‘lgan. Ayni paytda “temiryo‘lchilar” Superliganing 16-tur yakunlariga ko‘ra 17 ochko bilan musobaqa jadvalida 10-o‘rinni egallab turibdi. “Lokomotiv” hisobida 5 ta g‘alaba, 2 ta durang va 9 ta mag‘lubiyat mavjud. To‘plar nisbati 13:21.
Eslatib o‘tamiz, Korostichenkodan avval Toshkent klubini bir yil davomida portugaliyalik Mikael Sekeyra boshqarib borgandi.
Denis Korostichenko bundan buyon “Lokomotiv” bolalar futbol maktabi tizimida faoliyat olib boradi.
Izoh (0)