Hukumat qarori (469-son, 22.08.2022-y.) bilan Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom mualliflik huquqi obyektlarini saqlashga qabul qiluvchi tashkilotlar (depozitariylar) tomonidan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Mualliflik huquqi obyektlarining yagona bazasida (Yagona baza) saqlash tartibini belgilaydi.
Yagona bazani yuritish, texnik ta’minlash hamda mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonlari Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Yagona bazada quyidagi mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari saqlanadi:
- adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);
- drama va ssenariy asarlari;
- matnli yoki matnsiz musiqa asarlari;
- musiqali drama asarlari;
- xoreografiya asarlari va pantomimalar;
- audiovizual asarlar;
- rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va tasviriy san’atning boshqa asarlari;
- manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;
- arxitektura, shaharsozlik va sahna bezagi san’ati asarlari;
- fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar;
- geografiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, geografiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;
- barcha turdagi elektron hosoblash mashinalari uchun dasturlar.
Mualliflik huquqi obyektining Yagona bazaga kiritilganligi haqidagi ma’lumotlar tanishib chiqish uchun ochiq hisoblanadi.
Izoh (0)