AQSH prezidenti Donald Tramp shu yil Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashmoqchi ekanini aytdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Siyosatchi mazkur rejasini Janubiy Koreyaning yangi prezidenti Li Chje Myung bilan uchrashuv chog‘ida e’lon qildi. Tramp shu paytgacha KXDR rahbari bilan uch marta uchrashgan.
Men u bilan shu yil uchrashishni istardim. Kelgusida Kim Chen In bilan uchrashishni intiqlik bilan kutaman. U menga juda yaxshi munosabatda bo‘lgan edi, degan Tramp.
AQSH prezidenti Kim Chen Inni “singlisidan tashqari boshqa hamma odamdan ko‘ra yaxshiroq bilishini” ta’kidlagan.
Umid qilamanki, siz dunyodagi yagona bo‘lingan mamlakat — Koreya yarimoroliga tinchlik olib kelasiz va Kim Chen In bilan uchrashasiz. Shuningdek, Shimoliy Koreyada Trump Tower qurasiz, men esa u yerda golf o‘ynayman, degan Janubiy Koreya prezidenti.
Tramp uchrashuv chog‘ida Janubiy Koreya hududida joylashgan, 28 500 nafar amerikalik askar xizmat qilayotgan harbiy baza yerlariga ega chiqish haqida gapirdi.
Biz baza qurishga juda ko‘p pul sarfladik, Janubiy Koreya ham ma’lum hissasini qo‘shdi. Lekin men ijaradan voz kechib, ulkan harbiy bazamiz joylashgan yerlarga egalik qilish imkoniyatini ko‘rishni istardim, dedi Tramp.
Bu Li Chje Myungning prezident sifatida Oq uyga ilk tashrifi bo‘ldi. U 2024-yil oxirida qisqa muddatga harbiy holat joriy qilgan sobiq prezident Yun Suk Yol impichment qilingani ortidan iyun oyida saylangan edi. Yun esa hozir isyon uyushtirishda gumonlanib hibsda saqlanmoqda.
Izoh (0)