Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Issiqko‘ldagi chiqindilarni tozalash ishlari bilan tanilgan ekofaol Andrey Panayevga avtomobil sovg‘a qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Prezident ekofaol bilan uchrashuvda u haqida internet orqali xabar topganini aytgan.
“Qirg‘oqni tozalayotganingizni ko‘rganimda, mahalliy yigit bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Keyin sizning sayyoh ekanligingizni aytishdi. Sizning ishingiz ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda. Ekologiya va tabiatning chegarasi yo‘q. Butun dunyo bir havodan nafas oladi.
Shuning uchun yer yuzidagi har bir inson siz kabi ish tutishi kerak. Biz ekologiya va tabiatni asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga toza holda yetkazishimiz shart. Bu har birimizning burchimiz. Barakalla!”, degan Qirg‘iziston prezidenti.
Panayevning so‘zlariga ko‘ra, u sayyoh sifatida Qirg‘izistonga kelgan va 2024-yilda Issiqko‘lda dam olayotganda qirg‘oqdagi chiqindilarni tozalashga kirishgan. Bu orqali u odamlarni tozalikka undamoqchi bo‘lgan. Shuningdek, Qirg‘izistonda umrbod qolishga qaror qilganini ta’kidlab, mamlakatni o‘z uyi deb atagan.
“Qirg‘iziston xalqi nomidan, ko‘ngillilar va ekofaollar nomidan sizga avtomobil sovg‘a qilaman”, degan Japarov va mahalliy ishlab chiqarilgan Chevrolet avtomobili kalitlarini topshirgan.
“To‘g‘risini aytsam, buni kutmagandim. Yo‘lda kelayotib, shunchaki biror faxriy yorliq berishar, deb o‘ylagandik”, deya izoh bergan Panayev.
Izoh (0)