Sudlar faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, prezidentning “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga asosan sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishning ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
- sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
- sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish;
- Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
- sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish.
Shuningdek, “Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida quyidagi ishlar bajariladi:
- sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi va sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi;
- murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;
- sud hujjatlari loyihalari avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Bu haqda 21-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga qilingan taqdimotda muhokama qilingan edi. Taqdimotda maʼmuriy va iqtisodiy sud ishlarini eksterritorial tarzda ko‘rish tartibini joriy etish masalasi ko‘rilgan. Sudyalikka tayinlash muddatlarini qayta ko‘rib chiqilishi aytilgan.
Muloqotda Sudyalar oliy maktabi negizida Odil sudlov akademiyasini tashkil etish konsepsiyasi taqdim qilingan. Davlat rahbari bildirilgan takliflarni maʼqullab, tegishli farmonlarni imzolagan.
Avvalroq sobiq tashqi ishlar vaziri, ayni paytda Markaziy Osiyo sunʼiy idrok assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekiston sud tizimida sunʼiy intellektdan foydalanish tezroq yo‘lga qo‘yilishi kerakligini aytgandi.
Izoh (0)