Meksikaning Gerrero shtatida La Realidad nashri direktori va jurnalist Fredi Roman Chilpansingo shahridagi uyi oldida otib ketildi. Bu haqda jurnalist Xakob Morales Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi, deb yozmoqda “RBK”.
“Bugun jurnalist Fredi Roman markaziy qabristonga juda yaqin joylashgan Chilpansingoda otib ketildi. U La Realidad gazetasi direktori va mahalliy bosma nashrlarda sharhlovchi edi”, — deb yozadi Morales.
Qayd etilishicha, jurnalist mashinaga o‘tirishi bilan noma’lum shaxs unga yaqinlashib, haydovchi oynasiga qarata o‘q uzgan.
Romanning o‘ldirilishi sabablari noma’lum. Voqea yuzasidan shtat bosh prokuraturasi tergov boshlagan.
Jurnalistlarga qarshi jinoyatlarni kuzatuvchi tashkilot Articulo 19 ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda Meksikada 15 nafar jurnalist o‘ldirib ketilgan. Ushbu qotilliklarning kamida to‘qqiztasi ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq.
Izoh (0)