Xorazm viloyati Hazorasp tumanida o‘tkazilgan “Qoradori—2022” tezkor-profilaktik tadbiri davomida fuqarolar uyda bangixona tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirlarning ikkinchi bosqichi doirasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida taqiqlangan ekinlarni, ya’ni tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekib, yetishtirib, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlarga chek qo‘yish bilan bir qatorda giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish yoki tarqatish maqsadida tashkil etilgan bangixonalarni fosh etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Hazorasp tumani IIB JQB xodimlari 14-avgust kuni xolislar ishtirokida shu tumanida yashovchi, 1973-yilda tug‘ilgan B.A.ning uyiga borganida u yerda bangixona tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi. Xonadon egasi B.A. o‘zining mahalladoshi — 1975-yilda tug‘ilgan X.R. bilan opiy giyohvandlik vositasini qo‘lbola moslamalardan foydalangan holda birgalikda iste’mol qilayotgani aniqlandi.
Surishtiruv jarayonida giyohvandlik vositasini mehmon o‘zi bilan birga olib kelgani va mezbon zarur shart-sharoit yaratib bergani ma’lum bo‘ldi. Giyohvand sheriklar iste’molidan qolgan opiy va uni iste’mol qilishga moslashtirilgan jihozlar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)