Paleontologlar hozirgi Argentina hududidan ilgari noma’lum bo‘lgan dinozavr turlarining qoldiqlarini topdi. Unga “Yakapil kaniukura” nomi berildi (Puelche xalqining o‘lik tilidan tarjima qilinganda — “Qalqoni bor” degan ma'noni bildiradi).
U, taxminan, 100 million yil oldin yashagan, kattaligi mushukdek bo‘lgan va uzun orqa oyoqlarida harakatlangan. Bu haqda Tjournal nashri xabar bermoqda.
Foto: Vizualizatsiya qilingan dinozavrning yangi turi / Tjournal
Yakapillarning uzunligi bir yarim metrdan oshmagan, og‘irligi to‘rt kilogrammdan yetti kilogrammgacha. Tashqi ko‘rinishi ajdarlarga o‘xshash bo‘lgan — dinozavrlarning boshida hamda umurtqa tizmasi bo‘ylab tikansimon tojlar joylashgan. Shuningdek, bo‘yin atrofi, tanasining yon tomonlari va dumidagi plastinalar ko‘plab yirtqichlardan himoyalanishga yordam bergan.
Yakapillarning o‘zi o‘txo‘r, lekin ular yumshoq barglar bilan emas, balki cho‘llarning qattiq o‘simliklari bilan oziqlangan. Katta ehtimol bilan ular oziq-ovqat qidirish va xavfdan qochish uchun ko‘p harakatlanishga majbur bo‘lishgan. Yangi dinozavr tireoforlar guruhiga kiradi. Biroq boshqa turlarning ustunligi gavdasining kattaligi bo‘lsa, yakapillarning asosiy xususiyati epchillik va tez yugurish bo‘lgan.
Yakapil — Lotin Amerikasidagi bo‘r davri tireoforlarining birinchi vakili. Ushbu turning qoldiqlari o‘n yil avval qazishmalar paytida topilgandi, ammo olimlar hozirga kelib dinozavrni mustaqil tur sifatida ajratib ko‘rsatish uchun yetarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Izoh (0)