Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni Toshkent arxitektura qurilish institutiga tashrif buyurdi. Bu yerda prezident institut talabalari bilan hamda jurnalistlar suhbatda bo‘ldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Davlat rahbari kuni kecha Hindistonda o‘tkazilgan shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxmatchilar haqida gapirdi.
“Shaxmatga oid 3 yilda uchta qaror qabul qildik. Nima uchun? Biz 20 yil davomida bu sohada kechikkanimiz uchun qarorlarni qabul qildim. 2026-yilgi shaxmat Olimpiadasiga endi barcha boshqacha tayyorgarlik ko‘radi. “Biz chempionlar yurtiga boryapmiz”, deyishadi”, — deydi prezident.
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilarning ota-onalari bildirgan fikrlarini ko‘rib juda xursand bo‘lganini aytdi.
“Ularga katta mukofotlar bersak boshqalar uchun ham bu motivatsiya bo‘ladi. Hamma ota-onalar farzandlarini shaxmat to‘garaklariga berishni boshlasa kerak”, — deydi prezident.
Davlat rahbari 5-avgust kuni imzolagan qaroriga binoan shaxmatchilarga 600 milliondan berilishini qo‘shimcha qildi.
“Shuningdek, ularga davlat mukofotlarini ham beramiz. Bundan tashqari, ularga avtomobil berishni ham rejalashtirdik. Axir ularning bokschilardan nimasi kam?”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh (0)