“Noviy ochag” nashri tarvuz tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligi hamda tanlov noto‘g‘ri bo‘lganda, undan nimalar tayyorlash mumkinligi haqida foydali ma’lumot va retseptlar bilan bo‘lishdi.
Tarvuzni qanday tanlash kerak?
Tarvuz mavsumi allaqachon boshlandi va bu poliz ekinini tanlashning asosiy qoidalarini bilish juda muhim. Quyidagi maslahatlar sotuvchining yordamisiz tarvuz tanlashga yordam beradi.
- Taxminan 5-7 kilogramm bo‘lgan o‘rta kattalikdagi mevani tanlang.
- Ustki qismida dog‘, yoriq va qoplama bo‘lmasligi kerak.
- Tarvuz po‘stidagi ranglar qarama-qarshiligi qanchalik yorqin bo‘lsa, tarvuz shunchalik mazali chiqadi.
- Mahsulotning dumi sarg‘ish va ozgina qurigan bo‘lishi kerak. Qurigan dum uzoq vaqt saqlashning belgisidir.
- Tarvuzni chertib ko‘rganda, baland ovoz chiqarishi kerak. Pishmagan tarvuz hech qanday tovush chiqarmaydi.
Tarvuzli salat issiq kunda ayni muddao. Qizig‘i shundaki, uni unchalik shirin bo‘lmagan tarvuzdan ham tayyorlash mumkin. Bu salat ta’miga ta’sir qilmaydi.
Kerakli mahsulotlar:
- bulg‘ori qalampir — 1 dona;
- limon (sharbat) —1 osh qoshiq;
- salat aralashmasi — 1 stakan;
- tarvuz — 1\2 dona;
- brinza — 200 gramm;
- balzamik sousi — 2 osh qoshiq;
- zaytun moyi — 2 osh qoshiq.
- Salat barglari qo‘l bilan uzib chiqiladi. Bulg‘orining yarmi kesib olinadi, urug‘lari olinib, somoncha shaklda to‘g‘raladi.
- Bir idishda salat bargi va bulg‘ori aralashtiriladi. Limon sharbati, zaytun moyi va balzamik sirka qo‘shiladi.
- Kichkina tarvuzning qopqoq qismi kesib olinadi. So‘ngra undan dumaloq shakllar hosil qilinadi. Unga mos ravishda brinza ham kesiladi.
- Maxsus idishga tarvuz va pishloq qatlamlab qo‘yiladi, ustiga salat solib, dasturxonga tortiladi.
Tarvuz va feta pishlog‘idan tayyorlanadigan gazpacho retsepti
Tetiklantiruvchi tarvuzdan salqin sho‘rva tayyorlang va u sevimli taomingizga aylanishi shubhasiz.
Kerakli mahsulotlar:
- tarvuz (urug‘siz) — 1 kilogramm;
- balzamik sirka — 2 osh qoshiq;
- sarimsoq — 1 dona;
- pomidor — 5 dona;
- bodring — 1/2 dona;
- oq non — 100 gramm;
- yalpiz — 1 dona;
- Kichkina idishda to‘g‘ralgan sarimsoq va sirka birlashtiriladi, 5 daqiqaga qoldiriladi.
- Bezatish uchun bir necha bo‘lak tarvuz olib qo‘yiladi va uning qolgan qismi maydalangan pomidor, bodring, non, sarimsoq va yalpiz bilan birga blenderga joylashtiriladi.
- Aralashma silliq bo‘lguncha ko‘pirtiriladi. Agar kerak bo‘lsa, muzlatkichga qo‘yiladi.
- Sho‘rva idishlarga suzilgach, ustiga maydalangan feta, tarvuz bo‘laklari va yalpiz solinadi.
Tarvuz va rayhonli limonad
Kerakli mahsulotlar:
- tarvuz — 1 dona;
- gazlangan suv — 1 litr;
- shakar — 150 gramm;
- rayhon — 4 dona;
- laym (sharbat) — 2 dona;
- ta’bga ko‘ra muz.
- Tarvuzning meva qismi to‘rtburchak shaklda kesib olinadi, iloji bo‘lsa, urug‘larni olib tashlanadi.
- Tarvuz bo‘laklari blender idishiga solinadi, bir necha osh qoshiq shakar (yoki shakar siropi), laym sharbati qo‘shib, maydalanadi, grafinga quyiladi.
- Ustidan gazlangan suv qo‘shib, rayhon barglari va ozgina tarvuz solinadi.
- Stakanlarga quyilib, dasturxonga tortiladi.
Izoh (0)