Ukrainaning Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Xerson viloyati hududida Instagram va YouTube bloklandi. Bu haqda istelodan keyin Xerson viloyati harbiy-fuqarolik ma’muriyati matbuot kotibi etib tayinlangan Sergey Moroz ma’lum qildi.
“Bizda bir necha kun oldin YouTube’ni o‘chirib qo‘yishdi. Undan faqat VPN yordamida foydalanishigiz kerak. Shuning uchun, albatta, biz hozir YouTube’siz, Instagram’siz yashayapmiz. Lekin hammasi joyida, amallayapmiz, bu normal holat ”, — dedi Moroz o‘zining Telegram kanalidagi videomurojaatida.
Xerson viloyatida YouTube bloklangani haqida avvalroq mahalliy “Kavun.City” nashri va Ukrainaning “24-kanal”i razvedka manbalariga tayanib xabar bergan edi. Shuningdek, xabarlarga ko‘ra, hududda Viber messenjeri ham ishlamayapti.
May oyi boshida Xerson viloyatining “yangi hokimiyati” yaqin orada Instagram, Facebook va “mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan boshqa guruhlar” bloklanishini ma’lum qilgandi.
May oyining oxiriga kelib, Xerson viloyati va Zaporojye viloyatining bosib olingan qismida Ukraina provayderlarining mobil aloqasi va interneti o‘chirildi. Ukraina Maxsus aloqa va axborotni himoya qilish davlat xizmati buni mintaqadagi Rossiya tomonidan tayinlangan hokimiyatlar amalga oshirganini aytgan, ular esa o‘z navbatida bloklanishda Ukraina tomonini ayblagan.
Izoh (0)