DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahridagi “Kazarma” soddalashtirilgan o‘tish punkti orqali ko‘p miqdordagi valyuta qimmatliklarini qo‘shni davlatga noqonuniy olib chiqib ketishga uringan ikki nafar fuqaro ushlandi.
Shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtda Bekobod shahrida yashovchi 42 yoshli ayolning yonida 166 ming dollar hamda uning 28 yoshli sherigi (ayol kishi) yonidan esa 190 ming dollar, jami 356 ming AQSH dollari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Aniqlanishicha, ular tojikistonlik Mahmud ismli shaxsning iltimosiga ko‘ra xorijiy valyutani Bekobod shahrida noma’lum shaxslardan olib, o‘z kiyimlariga yashirgan holda, ma’lum bir xizmat haqi evaziga Tojikistonga olib chiqib ketayotgan bo‘lgan.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ushbu valyuta qimmatliklarining haqiqiy egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Bundan oldin DXX Qozog‘istonga 1 million dollarga yaqin valyutani noqonuniy olib chiqishga uringan poyezd mashinistlarini qo‘lga olgandi.
Mavzuga doir:
- Toshkentda 286 ming dollardan ortiq pulni yeguliklar orasiga yashirib, bojxonadan olib o‘tilishining oldi olindi (video)
- Sirdaryoda DXX 15 mlrd so‘mlik xorijiy valyutaning noqonuniy olib chiqib ketilishini fosh qildi
- DXX 400 ming dollar va 4,1 mln rublni xorijga noqonuniy olib chiqib ketayotganlarni qo‘lga oldi
Izoh (0)