Toshkent shahrida Nexia-3 va avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 3-iyun kuni soat 16:27 da Nexia-3 mashinasi haydovchisi U.O. avtomobilni kichik halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab Bunyodkor shohko‘chasi tomonga boshqarib borayotgan bo‘lgan. Haydovchi belgilangan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasdan, o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan transport vositasi bilan oraliq masofa saqlamagan va mashina katta tezlikda harakatlangani sababli oldidagi piyodalarni o‘tkazish uchun to‘xtagan MAN rusumli avtobusning orqasiga kelib urilgan.
Avariya oqibatida yengil avtomobil haydovchisi Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida vafot etgan.
Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda. “Toshshahartransxizmat” Harakat xavfsizligini nazorat etish bo‘limi tomonidan xizmat surishtiruvi o‘tkaziladi.
Bundan oldin Qibrayda ikki yo‘lovchi avtobus poyga o‘ynashi oqibatida ulardan biri Lacetti bilan to‘qnashib ketgani, Toshkentda Lacetti qayrilib olishga uringan Mercedes-Benz avtobusiga kelib urilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)