Toshkentda Lacetti va Mercedes-Benz avtobusi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yengil mashina haydovchisi jarohat oldi, deb xabar beradi “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 18-oktabr kuni tonggi soat 06:30 larda Lacetti rusumli avtomobil “4-Avtobus saroyi” haydovchisi K.F.  boshqaruvidagi Mercedes-Benz LF avtobusi bilan yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Lacetti 122-yo‘nalishda Choshtepa ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan avtobus qayrilib olayotganida uning orqa qismiga kelib urilgan.

To‘qnashuv oqibatida Lacetti haydovchisi tan jarohati olgan va u shifoxonaga yotqizilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Lacetti rusumli yengil avtomobil haydovchisi boshqaruv vaqtida uxlab qolgan. Shu sababli boshqaruvni yo‘qotib, avtobusga urilgan.

Hozirgi kunda mazkur yo‘l-transport hodisasi o‘rnatilgan tartibda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati inspektorlari tomonidan rasmiylashtirilgan. Shu bilan birga, “Toshshahartransxizmat” AJ mutasaddi xodimlari tomonidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Samarqandda avtobus tramvay yo‘lini kesib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlangani, Toshkentda avtobus svetofor va yo‘l yoqasidagi uyga borib urilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.