Toshkentning Sergeli tumanida yangi barpo etilgan yo‘l bo‘ylab qurilgan yig‘ma devorning bir qismi qulaganligi to‘g‘risida video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Tuman hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Unda “O‘zgidromet” 21—24-may kunlari kuchli shamol esishi to‘g‘risida ogohlantirgani eslatib o‘tilgan va ushbu devor ortida katta ochiq maydon bo‘lgani sababli shamolning bir qancha kuchli bo‘lgani bildirilgan.
Ma’lum qilinishicha, Sergeli tumani hokimligi tomonidan mazkur holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilgan bo‘lib, o‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu kamchilik pudratchining devorni mustahkam o‘rnatmaganligi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli pudratchi o‘z hisobidan devorni ta’mirlashga kirishdi.
“Sergeli tuman hokimligi tumanni obodonlashtirish hamda bu kabi kamchiliklarni aniqlashda faol bo‘lgan fuqarolarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Shu bilan birga, keltirilgan noqulaylik uchun uzr so‘raydi”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Izoh (0)