Chorva mollarini boqish maqsadida tog‘li hududlarga jo‘nab ketib, bedarak yo‘qolgan surxondaryolik yigitning jasadi Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi jarlikdan topilgani topilgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Unda aytilishicha, uning jasadi topilgan hudud Dehqonobod tumani emas balki Qamashi tumanining O‘rmon xo‘jaligiga qarashli hudud ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmati keltirgan ma’lumotga ko‘ra, holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB JQB, Qamashi tumani IIB, Dehqonobod tumani IIB xodimlari, mahalliy aholi, ovchilar, o‘rmon ishchilari, yegirlar hamda viloyat FVB xodimlaridan iborat qidiruv guruhlari tuzilib, tog‘li hududdagi g‘orlar va soyliklar ko‘zdan kechirilib, yaqin atrofda chorva mollarini boqib yurgan cho‘ponlar bilan tezkor-surishtiruv ishlari olib borildi.
Aniqlanishicha, 2-aprel kuni E.Z. Jarqo‘rg‘on tumanidan Angor tumanida yashovchi fuqarolar J.B. va J.K. bilan birga chorva mollarini Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumaniga tutash tog‘lariga boqish uchun yo‘lga chiqib ketib, 2-may kuni Qamashi tumani davlat o‘rmon xo‘jaligi 13-kvartal Qaloq-Qo‘ton uchastkasi hududida bedarak yo‘qolgan.
Olib borilgan qidiruv tadbirlari davomida 20-may kuni Qamashi tumani davlat o‘rmon xo‘jaligining 13-kvartalidagi Qaloq-qo‘ton nomli yer maydoni hududidagi taxminan 100-120 metr chuqurlikdagi jarlik tubidan bedarak yo‘qolgan fuqaro E.Z.ni jasadi topilib, olib chiqilgan.
Viloyat FVB taqdim etgan dastlabki ma’lumotda yo‘qolgan fuqaro taxminan 10 metr chuqurlikdagi jarlikdan topilgani qayd etilgandi.
Ayni paytda holat bo‘yicha Qamashi tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Sirdaryo viloyatida kanalga cho‘kib ketgan 17 yoshli yigitning jasadi qidirilayotgani, farg‘onalik ayol ikki nafar farzandi bilan Katta Farg‘ona kanaliga cho‘kib ketgani, Navoiyda oltinni noqonuniy kovlab olishga uringan 5 kishini tuproq bosib qolgani haqida xabar berilgan.
Izoh (0)