O‘zbekiston Sharqiy Quddusdagi vaziyat keskinlashganidan jiddiy xavotir bildiradi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
“Biz tomonlarni keskinlikni kuchaytirmaslikka va mojaroni tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga chaqiramiz. Falastin—Isroil muammosini hal qilish xalqaro huquq normalariga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining avval qabul qilingan rezolyutsiyalari va ‘ikki xalq uchun ikki davlat’ tamoyili asosida amalga oshirilishi zarur. Biz tomonlarni ixtilofni muloqot va diplomatiya yo‘li bilan hal qilish uchun vazminlik hamda siyosiy iroda ko‘rsatishga chaqiramiz”, — deyiladi hujjatda.
Eslatib o‘tamiz, falastinliklar va Isroil xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi taranglik aprel o‘rtalarida yana kuchaydi. 15-aprel, juma tongida Quddusning Ma’bad tog‘idagi ham musulmonlar, ham yahudiylar uchun muqaddas bo‘lgan al-Aqso masjidi atrofida ikki tomonning to‘qnashuvi boshlandi. Bu paytda masjidda 12 mingga yaqin musulmon namozga yig‘ilgandi.
Isroil tomoni falastinliklarni ibodatga kelgan yahudiylarga va ularni qo‘riqlab kelgan politsiya xodimlariga tosh otganlikda aybladi. Ushbu da’vo bilan Isroil kuchlari falastinliklarga qarshi ko‘zni yoshlatuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalandi. Ijtimoiy tarmoqlarda isroillik politsiyachilarning falastinliklarga kuch ishlatayotgani aks etgan videolar tarqaldi. O‘sha kungi tartibsizliklarda 150 ga yaqin falastinlik jarohatlangan.
Izoh (0)