Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov 4-may kuni O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, tashqi siyosat idoralari rahbarlari Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston—Vengriya hukumatlararo komissiyasining bugungi yig‘ilishi samarali o‘tganini qayd etgan. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama kun tartibi hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Oliy darajadagi muloqotni davom ettirish muhimligi ta’kidlangan. Tashqi ishlar vazirliklari o’rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini joriy yilda o’tkazish zarurligi ma’lum qilingan.
Madaniy-gumanitar hamkorlik, ayniqsa, ta’lim sohasidagi aloqalarning yuqori surati qayd etilgan. Vengriya tomoni o‘zbekistonlik talabalarning mamlakat oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishi uchun qo‘shimcha stipendiyalar ajratilishini ma’lum qilgan.
Siyyarto O‘zbekistonning mintaqada barqarorlikni mustahkamlash va Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan. BMT, Yevropa Ittifoqi, YXHT va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani bildirilgan. Turli darajalarda bo‘lajak tadbirlar jadvali ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, 29-mart kuni Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati sobiq vazir Abdulaziz Komilov davolanish uchun xorijga jo‘nab ketganini ma’lum qilgandi. Xabarda vazir bungacha 10 kun davomida Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son Markaziy klinik shifoxonasida tibbiy muolajalar olgani aytilgan. 27-noyabr kuni Abdulaziz Komilov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
2021-yil dekabrida Alisher Komilovga o‘rinbosar etib tayinlangan Vladimir Norov esa tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, uning zimmasiga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish yuklatildi.
Vladimir Norov 2019–2021-yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi lavozimida ishlagan.