Uzbekistan Airports AJda personal va axborot texnologiyalari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari tayinlandi. Bu haqda aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Sardor Abdullayev Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Sardor Abdullayev 1983-yil 27-dekabrda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2001—2007-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat va magistratura bosqichlarini tamomlagan. U bir necha yil davomida Vazirlar Mahkamasining axborot texnologiyalari, telekommunikatsiyalar va axborot xavfsizligi departamentida ishlagan. 2020-yildan 2022-yilgacha Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.
Avvalroq Aleksey Xen Sardor Abdullayev o‘rniga Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari — Raqamli rivojlanish departamenti rahbari lavozimiga tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Shuningdek, Bahodir Mirusmanov Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisining personal bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. U O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash departamenti mudiri lavozimida ishlagan.
Bahodir Mirusmanov Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoati institutini tamomlagan, Davlat statistika qo‘mitasi hamda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, Ra’no Jo‘rayeva 2021-yilning fevralida Uzbekistan Airports kompaniyasiga direktor etib tayinlangandi. Bunga qadar u Rossiyaning eng yirik aviatsion va kosmik xoldingi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Izoh (0)