Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) xodimlari tomonidan hibsga olingan “Muxolifat platformasi — Hayot uchun” partiyasi siyosiy kengashining rahbari, xalq deputati Viktor Medvedchuk Rossiya fuqarosi emas va Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotiga uning aloqasi yo‘q, dedi Rossiya prezidentining vakili Dmitriy Peskov. Shu tarzda u Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Medvedchukni ukrainalik asirlarga almashtirish haqidagi taklifiga javob qaytardi.

Foto: Telegram

Foto: Telegram

“Medvedchukning o‘zi ham unga nisbatan bunday tuhmatli vaziyatni hal qilishda Rossiyaning qandaydir ishtirokini xohlaydimi yoki yo‘q, umuman bilmaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Peskov.

Siyosatchining hibsga olinishiga izoh berar ekan, u buni “Kiyev rejimi aslida qanday ekaniga yorqin misol” deb atadi. Peskov, shuningdek, Medvedchuk “o‘z nuqtayi nazari va pozitsiyasiga ega bo‘lgan” muxolifat partiyasini boshqarishini qo‘shimcha qildi. Uning ta’kidlashicha, siyosatchi har doim “urushga, Donbassdagi mojaroning kengayishiga qarshi” bo‘lib kelgan va agar Ukraina rasmiylari ham bu g‘oyalarni hisobga olganida “harbiy operatsiya o‘tkazilmagan bo‘lardi”.

12-aprel oqshomida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qo‘liga kishan solingan va harbiy kiyimidagi Medvedchukning suratini e’lon qildi. Shu bilan birga, u SBUga maxsus operatsiya o‘tkazgani uchun minnatdorlik bildirdi. Keyinroq maxsus xizmat Medvedchukning hibsga olinganini tasdiqladi. Zelenskiy Rossiyaga Medvedchukni “asirlikdagi ukrainalik yigit-qizlar”ga almashtirishni taklif qildi. 

Bu orada Viktor Medvedchukning rafiqasi Oksana Marchenko Vladimir Zelenskiyga murojaat qilib, hibsda saqlanayotgan turmush o‘rtog‘ini zudlik bilan ozod etishni talab qildi.

“Men — Ukraina xalq deputati Viktor Medvedchukning rafiqasi Oksana Marchenko prezident Zelenskiyga murojaat qilaman. SBU tomonidan noqonuniy hibsda saqlanayotgan turmush o‘rtog‘im Viktor Vladimirovich Medvedchukni zudlik bilan ozod qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishingizni so‘rayman”, — dedi u YouTube kanalida e’lon qilingan videomurojaatida.

“Viktor Vladimirovich Ukraina qonunlarini buzmagan va o‘z hududini tark etmagan”, — dedi Marchenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Medvedchuk noqonuniy ravishda va faqat siyosiy motivlarga ko‘ra ta’qib qilinmoqda. “U doim Ukrainada tinchlik va muloqot, totuvlik tarafdori bo‘lib kelgan. Siz, janob prezident, buni juda yaxshi bilasiz. Hech shubha yo‘qki, mening erim Ukraina qonunlari va xalqaro huquqqa zid ravishda siyosiy motivlarga ko‘ra ta’qib qilinmoqda. Uning hayoti xavf ostida bo‘lsa kerak, men sizning javobingizni kutaman”.

Shuningdek, Marchenko Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga murojaat qilib, turmush o‘rtog‘ini ozod qilishda yordam so‘ragan.

Viktor Medvedchuk Ukrainadagi Rossiya tarafdori bo‘lgan eng obro‘li siyosatchilardan biri hisoblanardi. OAVda uni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “qadrdoni” deb ham atashgan. Medvedchuk ustidan davlatga xiyonat, Rossiya hukumati bilan til biriktirish va boshqa qator ishlar bo‘yicha tergov olib borilmoqda. U uy qamog‘ida edi, biroq 2022-yil fevralida Ukraina Ichki ishlar vazirligi uning qochib ketgani haqida xabar berdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ukraina tashqi ishlar vaziri Putinning “Zelenskiyni o‘ldirmaslik” bo‘yicha bergan va’dasiga munosabat bildirdi
Sport
A Seriya. Eldor Shomurodovning debyut o‘yinida “Spetsiya” o‘zida “Napoli”ga yirik hisobda yutqazdi
Dunyo
Marsdan ham sovuqroq: AQSHda havo harorati tarixiy rekordni yangiladi (video)