FIFA Rossiya chempionatida to‘p suruvchi legionerlarga klub bilan shartnomasini bekor qilishga ruxsat berdi.
Rossiyada chempionatida faoliyat olib boruvchi xorijlik futbolchi va murabbiylar endi mavsum so‘ngiga qadar shartnomani bir tomonlama to‘xtatish huquqidan foydalanishi mumkin. Undan tashqari erkin agent sifatida yangi klublar bilan 30-iyunga qadar hech qanday muammolarsiz shartnoma imzolashi mumkin.
Klublarga transfer oynasi yopiq bo‘lsa ham Rossiyadan kelgan futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishiga ruxsat berildi. Ro‘yxatdan o‘tkazishning oxirgi muddati — 7-aprel.
Bu qaror UEFAning roziligi bilan qabul qilingan. Agar 10-martga qadar futbolchi va klublar o‘zaro kelishuvga erisha olmasa, shartnomani bir tomonlama to‘xtatib turish varianti taqdim etiladi.
Shu bilan birga, Rossiyadan tashrif buyuruvchi futbolchilar bilan shartnoma imzolamoqchi bo‘lgan klublarga ikki nafardan ortiq futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi.
Ukraina Premyer Ligasi legionerlarining esa klublari bilan shartnomasi avtomatik ravishda to‘xtatiladi.
Avvalroq FIFA Rossiya futbol terma jamoasini JCh—2022 o‘tish o‘yinlaridan, UEFA esa rus klublarini Yevrokuboklardan chetlatgan edi.
24-fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qildi. Ayni vaqtda Ukrainaning qator hududlarida harbiy harakatlar davom etmoqda.
Izoh (0)