Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qildi, deb yozadi Meduza. Operatsiyadan maqsad “Kiyev rejimi tomonidan bezorilik va genotsidga uchragan” odamlarni himoya qilishdir”, dedi Putin.

“Vaziyat bizdan qat’iy va zudlik bilan chora ko‘rishni talab qilmoqda. Donbass xalq respublikalari yordam so‘rab Rossiyaga murojaat qildi. Shu munosabat bilan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 51-moddasi 7-qismiga muvofiq, Federatsiya Kengashining ruxsati bilan va Federal Assambleya tomonidan tasdiqlangan DXR va LXR bilan do‘stlik hamda o‘zaro yordam shartnomalariga muvofiq, men maxsus harbiy operatsiya o‘tkazishga qaror qildim. Uning maqsadi sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan bezorilik va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilishdir. Va buning uchun biz Ukrainani demilitarizatsiya va denasifikatsiya qilishga intilamiz. Shuningdek, tinch aholiga, jumladan, Rossiya fuqarolariga qarshi ko‘plab qonli jinoyatlarni sodir etganlarni ham javobgarlikka tortish maqsad qilingan”, — dedi prezident.

“Ishonchim komilki, Rossiya qurolli kuchlarining fidoyi askar va ofitserlari o‘z burchlarini professional va jasorat bilan bajaradi. Hukumatning barcha darajalari, iqtisodiyotimiz, moliyaviy tizimimiz, ijtimoiy sohamiz barqarorligi uchun mas’ul mutaxassislar, kompaniyalar rahbarlari va butun Rossiya biznesi muvofiqlashtirilgan va samarali harakat qilishiga shubham yo‘q”, — deya davom etdi Putin.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning rejalarida Ukrainani bosib olish yo‘q. Shu bilan birga, davlat rahbari Ukraina armiyasi harbiy xizmatchilaridan qurollarini tashlab, “uylariga qaytishni” talab qildi. Bunga amal qilganlar “urush hududini to‘siqsiz tark etib, oilasi bag‘riga qaytishi” mumkin bo‘ladi, deydi u.

“Biz voqealarning har qanday rivojlanishiga tayyormiz. Bu borada barcha zarur qarorlar qabul qilingan. Umid qilamanki, menga quloq solishadi”, — ta’kidladi Putin.

U, shuningdek, “ehtimoliy qon to‘kilishi” uchun javobgarlik Ukraina hukumati zimmasiga tushishini aytdi.

Putin urush boshlangani haqida “Rossiya 24” telekanali efirida rossiyaliklarga murojaat bilan chiqib e’lon qilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Qirg‘iziston ta’lim vaziri xorijlik talabalardan pora olayotgan vaqtda ushlandi
Dunyo
Qozog‘iston Rossiyaga harbiy texnika yuborayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan mamlakat Mudofaa vazirligi izoh berdi
Mahalliy
O‘zbekistonda 30-sentabrda qanday ob-havo kutilmoqda?