“PSJ” himoyachisi Serxio Ramos Chempionlar Ligasi 1/8 finalining “Real”ga qarshi javob uchrashuvini o‘tkazib yuboradi. Bu haqda Parij klubi rasmiy saytida xabar berildi.
Xabarda aytilishicha, ispaniyalik himoyachi jarohatidan tiklanishda davom etmoqda. U ushbu hafta oxirigacha yakka tartibda shug‘ullanadi. Ramos “qirollik klubi”ga qarshi kechgan ilk o‘yinni ham maydonga tusha olmagandi.
Shuningdek, konyunktivit (ko‘zning shilliq qavati yallig‘lanishi) tufayli parijliklar yarim himoyachisi Ander Errera ham maydonga tusha olmaydi. Ispaniyalik futbolchi hafta oxirida umumiy guruhga qaytishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, avvalroq hujumchi Kilian Mbappening mashg‘ulotlarda jamoadoshi bilan to‘qnashib ketgani va Madrid klubiga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Dastlabki tekshiruvda jarohat jiddiy bo‘lib chiqmagan, ammo 24 soatdan keyin futbolchi takroriy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, “Real” — “PSJ” (birinchi o‘yin — 0:1) 9-mart, chorshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadi.
Izoh (0)