NATOning amaldagi bosh kotibi Yens Stoltenberg Norvegiya Markaziy banki rahbari etib saylandi. Ushbu qaror Norvegiya hukumati tomonidan e’lon qilindi, deb yozmoqda Reuters.
Norvegiya bankining rahbari 1-mart kuni almashishi kerak. Biroq avvalroq Stoltenberg NATO bosh kotibi lavozimida vakolat muddati tugaguniga qadar — sentabr oyi oxirigacha qolishini aytgan edi.
Shunday qilib, martdan sentabrgacha Norvegiya Markaziy bankini vaqtinchalik rahbar boshqaradi. Bu vazifa Norvegiya banki rahbarining o‘rinbosari Ida Volden Baxega topshiriladi. U Markaziy bank rahbari lavozimi uchun kurashda Stoltenbergning asosiy raqibi bo‘lgandi.
Yens Stoltenberg — iqtisodchi va Norvegiyaning sobiq bosh vaziri. U 2014-yilning oktabr oyidan beri NATO bosh kotibi lavozimini egallab kelmoqda. Stoltenberg dekabr oyi o‘rtalarida Norvegiya Markaziy banki rahbari lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yishga rozilik bergandi.
Muxolifatchilar sobiq bosh vazirning ushbu lavozimga tayinlanishi Markaziy bank mustaqilligiga ta’sir qilishi mumkin, degan fikrda Stoltenbergning nomzodi tanlanishini tanqid qilgan.
Izoh (0)