AQSh Davlat departamenti Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga bahona sifatida foydalanish uchun soxta videotasvirlar tayyorlaganini aytdi. Bu haqda departament matbuot xizmatining rahbari Ned Praysga tayanib, Reuters xabar berdi.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina harbiylarining go‘yoki Rossiya hududiga yoki Ukraina sharqidagi rusiyzabon aholiga qanday hujum qilayotganini sahnalashtirib, tasvirga olmoqchi. Ular videoda o‘liklar rolini ijro etuvchi aktyorlarni, shuningdek, Ukrainaning soxta harbiy texnikasi va turk dronlari bilan uyushtirilgan portlashlar oqibatlarini ko‘rsatmoqchi, deb yozgan The New York Times gazetasi. Videoni yaratish ortida aynan kim turgani noma’lum, biroq NYT manbalarining aytishicha, Rossiya razvedkasi unga “yaqindan aralashgan”.
NYT manbalariga ko‘ra, Rossiya ushbu videodan Ukrainani rusiyzabon aholini genotsid qilishda ayblash, shuningdek, mazkur mamlakatga bosqinni oqlash uchun ishlatishni reja qilgan. “Ushbu video, agar e’lon qilinsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukrainaga qarshi harbiy harakatlar boshlash va bu harakatlarni oqlashga bahona bo‘lishi mumkin”, — dedi ismini oshkor etmagan Oq uy rasmiysi Reuters agentligiga.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Amerika rasmiylarining bayonotini izohlar ekan, AQSh Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish rejalari haqida birinchi marta gapirmayotgani, ammo shu paytgacha hech narsa bo‘lmaganini aytdi. “Bu birinchi da’vo emas. Ilgari ham shunga o‘xshash gaplar aytilgandi. Lekin bundan hech narsa chiqmagan”, — dedi Kreml vakili.
Rossiya bir necha oydan beri Ukraina chegaralariga qo‘shin to‘plamoqda, bu esa G‘arb davlatlarining Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga tayyorlanayotgani haqidagi taxminlariga sabab bo‘lmoqda. Moskva buni qat’iyan rad etib, qo‘shinlarning o‘tkazilishini mashqlar bilan izohlaydi. G‘arb davlatlari Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, unga qarshi sanksiyalar qo‘llashga va’da bermoqda.
Mavzuga doir:
Izoh (0)