O‘zbekistonda 7-yanvar kuni koronavirus infeksiyasining “omikron” shtammi aniqlangani haqida 9-yanvar kuni xabar berilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida nega kasallik aniqlangani haqida ikki kun kechikib ma’lum qilingani bo‘yicha tushuntirish berildi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Qayd etilishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev bu haqdagi savolga quyidagicha javob bergan:
“ ‘Omikron’ shtammi aniqlangach, tashxis bo‘yicha dunyoning yetakchi mutaxassislari bilan maslahatlashish, uzoq tekshiruvlar o‘tkazish va uni tasdiqlash bilan bog‘liq jarayonlar tufayli uni o‘z vaqtida e’lon qilish imkoni bo‘lmadi va ikki kundan so‘ng jamoatchilikka ma’lum qilindi”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusning “omikron” shtammi aniqlangani munosabati bilan 15-yanvardan boshlab mamlakatda bir qator cheklovlar joriy etiladi. Jumladan, turli tadbirlar tashkil etish taqiqlanadi, emlanmagan xodimlar ishga qo‘yilmaydi. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ta’til davomida koronavirus infeksiyasiga qarshi to‘liq emlash choralari ko‘riladi.
Izoh (0)