Italiyada 50 yoshdan oshganlar uchun koronavirusga qarshi majburiy vaksinatsiya joriy qilindi. Tegishli buyruq 5-yanvar kuni hukumat yig‘ilishida tasdiqlandi, deb yozmoqda Reuters.
Mamlakatda 50 yoshdan oshgan ishchilardan emlanganini yoki yaqinda COVID-19 dan tuzalganini tasdiqlovchi tibbiy kuponlarni ko‘rsatish talab qilinadi. Aks holda, ular fevral oyining o‘rtalarida ishdan chetlatilishi mumkin. Bungacha emlanmagan odamlar har ikki kunda COVID-19 ga topshirgan testining manfiy natijasini taqdim etgandagina ishga chiqishi mumkin edi.
“Yoshi 50 dan oshgan va ishlamaydiganlar emlanishi yoki cheklovlar ostida bo‘lishi kerak”, — deya ogohlantirdi hukumat.
Italiya bosh vaziri Mario Dragining tushuntirishicha, hukumat e’tiborini 50 yoshdan oshgan odamlarga yo‘naltirmoqda, chunki ular kasalxonaga yotqizish xavfi yuqori bo‘lganlar toifasiga kiradi. Ularni vaksinatsiyadan o‘tkazish, shuningdek, kasalxonalardagi bosimni yengillashtirish va odamlar hayotini saqlab qolish uchun ham zarur.
Yangi qoidalar Italiyada kunlik koronavirusga chalinish holatlari rekord darajaga — 170 000 taga chiqqani, infeksiyadan o‘limlar 2020-yilning bahoridan beri eng yuqori darajaga yetganidan so‘ng qabul qilingan.
Dekabr oyida Isroil hukumati koronavirusning tez tarqalayotgan yangi “omikron” shtammiga qarshi kurashish uchun 60 yoshdan oshgan fuqarolarning barchasiga vaksinaning to‘rtinchi dozasini olishni tavsiya qilgandi. Turkiyada vaksinaning to‘rtta dozasini olgan kishilarni beshinchi doza bilan emlashga ruxsat berilgan.
Avvalroq Xitoy hukumati 1,2 million aholiga ega Yuchjou shahrini lokdaunga yopgandi, u yerda 3 kishida koronavirus aniqlangan. Shuningdek, Tailand chet ellik sayyohlar uchun deyarli barcha turistik manzillarini yopgani xabar qilingandi.
Izoh (0)