O‘zbekiston Oliy Kengashining (milliy parlamentning Oliy Majlisdan avvalgi nomi) 1992-yil 8—10 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan 11-sessiyasida bir qator tarixiy qarorlar qabul qilingan. Birinchisi, tabiiyki, 8-dekabr kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishidir. Sessiyaning uchinchi ish kunida esa Davlat madhiyasiga doir masala ko‘rib chiqilgan. “Daryo” ushbu mavzuda san’at arbobi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi, 1992-yilgi madhiya tanlovi ishtirokchisi Rustam Abdullayev bilan suhbatlashdi, shuningdek, ochiq manbalardagi ma’lumotlarni jamladi.
Tanlov
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi Izzatulla Norquvvatovning yodga olishicha, O‘zbekistonning yangi madhiyasini ishlab chiqishga 1990-yil martidan kirishilgan. “Bu harakat hali SSSR degan qudratli, ‘qilichidan qon tomgan’ davlat barqaror bo‘lib turgan paytda juda katta jasorat edi”, — deb yozadi jurnalist.1990-yilning dekabrida Madaniyat, fan, xalq ta’limi va madaniy merosni asrash qo‘mitasi tomonidan Davlat madhiyasi matni va musiqasi bo‘yicha tanlov e’lon qilingan. Nizomga ko‘ra, tanlovda ishtirok etuvchi ijodkorlar yashirin imzo — taxallus bilan qatnashishi shart qilib qo‘yilgan edi.
Qo‘mitaning 1991-yil 5-aprel kuni taniqli adib Pirimqul Qodirov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Davlat madhiyasi uchun taqdim etilgan she’rlarni saralash masalasi ko‘rilgan. Yig‘ilishda 90 ga yaqin taxalluslar bilan qatnashgan shoirlarning 12 ta she’ri keyingi bosqich uchun tanlab olingan.
Oradan ikki oy o‘tgach, davlat madhiyasi musiqasi uchun taqdim etilgan asarlar tanlovi ham o‘tkazilgan. Tanlovda 30 ga yaqin musiqiy asarlardan birortasi ham komissiya a’zolariga to‘la ma’noda ma’qul kelmagan, faqat 2 ta musiqiy asar qayta ishlash sharti bilan ikkinchi turga o‘tkazilgan.
1992-yilgi tanlovda bir emas, ikki ijodiy ishi bilan qatnashgan kompozitor Rustam Abdullayev esa “Daryo”ga bergan intervyusida jarayonni shunday esladi:Madhiya bo‘yicha tanlov e’lon qilingach, madhiya yozadiganlar ko‘paydi — ashulachi, sozanda, bastakor, kompozitor, hattoki, ishchilar, dehqonlar ham o‘z she’rlari, bir ovozli musiqalarini tanlovga yubordi. G‘olibni aniqlash maqsadida katta komissiya tuzildi — uning tarkibida shoir va kompozitorlardan tashqari olimlar, adabiyotshunoslar, tarixchilar, xullas turli soha vakillaridan 20 nafarcha odam bor edi. Ular madhiyalikka nomzod yuzlab ijodiy ishlarni saralagan.Birinchi bosqichda 78 ta madhiya tanlab olindi. Keyingi bosqichda 40 tasi ma’qul deb topildi. Saralashda xolislikni ta’minlash maqsadida nomzod madhiyalarning she’ri va musiqa mualliflari ism-familiyalari yashirilib, ular faqat raqamlar bilan ajratib chiqilgan. So‘ng 20 ta madhiyadan 15 tasi, 15 tadan uchtasi final bosqichga o‘tgan. Yakuniy bosqichda qatnashish uchun saralangan uchta madhiya mualliflari Abdulla Oripov va Mutal Burhonov, Mirpo‘lat Mirzo va men hamda Abdulla Oripov va Baxtiyor Aliyev ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Rustam Abdullayev, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi
Nomzod asarlar
Rustam Abdullayevning ta’kidlashicha, u madhiya uchun musiqa yozishdan avval shoir Mirpo‘lat Mirzoga “Siz ham qatnashing, oldin she’rini yozib bering”, deb taklif bilan chiqqan. Shuningdek, u shoir Abdulla Oripovning “Ming yillar qa’ridan kelar karvoning” deb boshlanuvchi she’riga bastalangan musiqani ham tanlovga taqdim etgan. Bu she’rga uning talqinida yozilgan musiqa yakuniy bosqichgacha yetib borolmagan, ammo kompozitor Baxtiyor Aliyevning xuddi shu she’rga bastalagan musiqasi finalga chiqqan.O‘zbekiston madhiyasi qanday bo‘lishi kerak, u qaysi musiqaga asoslanib tayyorlanishi kerak degan muhokamalar jarayonida, masalan, “Cho‘li Iroq” yoki “Munojot”ni madhiya qilsak, degan takliflar ham tushgan. Xalq shoiri Abdulla Oripov xotirasiga bag‘ishlangan “Sen bahorni sog‘inmadingmi?..” to‘plamida eslanishicha, Oliy Kengashning madhiya masalasiga bag‘ishlangan 10-dekabrdagi majlisida Pirimqul Qodirov finalga qadar yetib kelgan uchta madhiya variantlarini deputatlarga eshittirishdan avval, madhiyaga qo‘yiladigan talablar haqida gapirgan va shunda nega “Munojot”ni madhiya qilib bo‘lmasligiga izoh bergan.
“Davlat madhiyasi qo‘shiq kabi faqat milliy cholg‘u asboblaridagina ijro etilsa, O‘zbekistondan tashqarida, masalan, Yevropa yoki Osiyo mamlakatlarida uni ijro etadigan cholg‘u asboblari topilmay qolishi mumkin. Shuni hisobga olib, davlat madhiyalari barcha mamlakatlarda bor bo‘lgan simfonik va duxovoy orkestrlarda, xor ishtirokida ijro etiladi. Musiqa shu talablarga moslab yoziladi... ‘Cho‘li Iroq’ni, ‘Munojot’ni madhiya qilsak, degan taklif tushdi. Lekin bu yaxshi ko‘rgan, go‘zal kuylarimizni boshqa mamlakatlarda ijro etib bo‘lmasligini o‘zlaringiz tasavvur eta olasizlar”, — degan Pirimqul Qodirov.
O‘z navbatida, Pirimqul Qodirov “O‘zbekiston Davlat madhiyasida milliy ruh, milliy jarang bo‘lishi kerak”ligini tasdiqlab, “davlat madhiyasi bizning xalqimizga xos jozibali, milliy ohanglarni boshqa davlat xalqlariga ham yetkazib beradigan umuminsoniy saviyada yozilishi zarur”ligini qayd etib o‘tgan, finalgacha yetib kelgan uchala madhiya — shoir Abdulla Oripov va kompozitor Mutal Burhonov, shoir Mirpo‘lat Mirzo va kompozitor Rustam Abdullayev hamda shoir Abdulla Oripov va kompozitor Baxtiyor Aliyev tayyorlagan ijodiy ishlarda yuqorida sanab o‘tilgan “fazilatlar” borligini ta’kidlangan. “Har uchala variantda ham Vatanga muhabbat, istiqlolni ulug‘lash, kelajakka ishonch ruhi yangrab turibdi”, — degan Pirimqul Qodirov.
Qizig‘i, finalga chiqqan nomzod madhiyalarning birida milliy — karnay musiqa asbobidan foydalanilgan edi. “Men karnay qo‘shganman. To‘g‘ri, karnay o‘zimizda qo‘llaniladigan bir varianti edi. Karnay ham, nog‘ora ham juda ulug‘vor ohang beruvchi musiqiy asbob-da. Tadbirlarimizdan avval, konsertlarga borishda yo‘llarda karnay chalib tursa, bilasizmi, odamlar kulib, ruhan tetiklanib, hammaning kayfiyati o‘zgarib ketadi”, — deb ta’kidlaydi Rustam Abdullayev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda.
Jarayon “Sen bahorni sog‘inmadingmi?..” to‘plamida shunday eslanadi:
“Raislik qiluvchi birinchi bo‘lib O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga so‘z berdi. Abdulla Oripov davlat madhiyasi she’riy matnining o‘zi yozgan ikki variantini o‘qib eshittirdi. Birinchisi, ‘Bahor’ ansambli uchun jozibali milliy kuylar yozib, tajriba orttirgan kompozitor, sobiq SSSR davlat mukofoti sovrindori Baxtiyor Aliyev musiqasiga (‘Ming yillar qa’ridan kelar karvoning...’ deb boshlanuvchi) she’riy matn edi. Ikkinchisi esa mashhur bastakor Mutal Burhonovning elga tanish musiqasiga yozilgan (‘Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot’ deb boshlanuvchi) madhiya matni edi. So‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kotibi, shoir Mirpo‘lat Mirzo o‘zining taniqli bastakor, ko‘plab yosh kompozitorlar tanlovining sovrindori Rustam Abdullayev musiqasiga yozgan she’riy matnni o‘qib berdi... Shundan keyin deputatlar har uchala matn variantini musiqalar bilan birga tinglaydi”.
Rustam Abdullayev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda Oliy Kengashdagi o‘sha jarayonda uchala nomzod madhiya mualliflari yonma-yon o‘tirgani va juda hayajonlanganini so‘zlab berarkan, jarayonni quyidagicha xotirlaydi:
Oliy Kengash zalida dastlab Baxtiyor Aliyev musiqasi bilan yaratilgan madhiya yangradi. Uni yaxshi qabul qilishdi. Keyin men va Mirpo‘lat Mirzo hamkorligidagi madhiya jarang sochdi, u ham juda yaxshi qarshilandi. Oxirida Abdulla Oripov she’riga kompozitor Mutal Burhonov tomonidan bastalangan kuy qo‘yilgach, qarsaklar zo‘r bo‘ldi, deputatlarning ko‘pi o‘rnidan turib ketdi. Biz ham xursand bo‘lganmiz. Bu holatni ko‘rib, “Natija ma’lum bo‘lganga o‘xshayapti”, degan fikrlar o‘tgan.Uchala madhiya yangragach, Abdulla aka minbarga chiqib, she’rlarini o‘qigan. Deputatlar yashirin ovoz bergach, 404 ball bilan Abdulla Oripov va Mutal Burhonov hamkorligidagi madhiya g‘olib bo‘lgan. Bizning ijodiy ishimiz ikkinchi, Baxtiyor Aliyev musiqasi bilan tayyorlangan madhiya esa 3-o‘ringa loyiq ko‘rilgan. G‘oliblarni quchoqlab tabriklaganmiz, quvonganmiz. Tanlovning final bosqichiga yetib, ikkinchi o‘rinni olishning o‘zi ham katta gap. Negaki, yakuniy bosqich o‘tkazilayotgan zalda deputatlardan tashqari, mamlakat rahbariyati ham bor edi.
Rustam Abdullayev, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi
Oliy Kengashning 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi matni va musiqasi variantlari mualliflarini mukofotlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Oliy Kengash tomonidan tasdiqlangan davlat madhiyasining mualliflari — Abdulla Oripov va Mutal Burhonov 100 ming so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlangan. Davlat madhiyasining variantlari sifatida taqdim etilgan matn va musiqalar mualliflari — Mirpo‘lat Mirzo va Rustam Abdullayevga 75 ming so‘m, Abdulla Oripov va Baxtiyor Aliyevga esa 50 ming so‘m miqdoridagi pul mukofoti berilgan (taqqoslash uchun — 1992-yil 2-sentabrdagi hukumat qarorida bir dollar uchun kurs 85 so‘m deb ko‘rsatilgan).
G‘olib madhiya atrofidagi muhokamalar
Yuqorida 1991-yilning iyun oyida davlat madhiyasi musiqasi uchun taqdim etilgan asarlar muhokamasi uchun yig‘ilish o‘tkazilgani ta’kidlangan edi. Jurnalist Izzatulla Norquvvatovning yozishicha, “yig‘ilish yakunida taniqli musiqashunoslar fikriga tayanilib, hozirgacha jaranglayotgan Mutal Burhonov asarini yangi madhiyaga asos qilib olish fikri ma’qullangan”, keyinchalik esa Abdulla Oripov “Madaniyat, fan, xalq ta’limi va madaniy merosni asrash qo‘mitasi qaroriga binoan Mutal Burhonov musiqasiga moslab yangi she’r yozib bergan”.Jurnalist “hozirgacha jaranglayotgan” deganda Mutal Burhonov tomonidan 1947-yilda bastalangan va 1992-yil 10-dekabrga qadar (masalan, O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning 1992-yilning aprel oyida Saudiya Arabistoniga safari vaqtida ham) qo‘llanilgan O‘zSSR madhiyasi musiqasini nazarda tutgan.
“Xalq so‘zi” nashrida e’lon qilingan “Eng noyob musiqa asarlaridan biri yoki madhiyamiz yaratilish tarixiga nazar” maqolasidan ko‘chirmaKompozitor Rustam Abdullayevning ta’kidlashicha, 1947 va 1992-yilgi madhiyalar — “boshqa-boshqa narsalar”dir.Manbalarda ta’kidlanishicha, Ikkinchi Jahon urushigacha SSSRning davlat madhiyasi yo‘q edi. U faqat 1944-yilga kelibgina yaratilgan va davlat gimni sifatida ijro etila boshlangan. Shu bilan bog‘liq tarzda sobiq Ittifoq respublikalari ham o‘z davlat madhiyalarini yaratish harakatiga tushgan.
1946 yilda O‘zbekistonda davlat madhiyasi matni bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. U yopiq tarzda o‘tkaziladi. Ya’ni, matn muallifi o‘z ism-sharifini sir saqlagan holda she’rini konvertga solib, uning ustiga shartli nom qo‘yib jo‘natishi lozim edi. Muhokamalar natijasiga ko‘ra, shoir Temur Fattoh yozgan matn eng ko‘p ovoz oladi.
Shundan so‘ng mazkur matnga musiqa yozish uchun bastakorlar o‘rtasida ham yopiq tanlov tashkil etiladi. Hay’at tarkibida endigina 30 yoshni qoralagan Mutal Burhonov ham bor edi. Shu bois u istihola qilib, tanlovda qatnashishni lozim topmaydi. Ammo do‘sti, professor Sulton Umarov: “Tanlovda ishtirok eting”, deb turib oladi.
“Boshqa yumushlarni chetga surib, butun vujudim bilan ishga kirishdim, — deya yozadi bastakor o‘zining ‘Ko‘ngil xazinasi’ kitobida. — O‘zbek xalq musiqasining rangin ohanglarini izladim, chunki unda shashmaqomimizning gardun yo‘li bor... Nihoyat, madhiyani tugatdim. Notalarini tayyorlab, konvertga soldim-da ustiga ‘Poema’ deb shartli nom qo‘yib, hay’atga jo‘natdim”.
Qator taniqli, tajribali, mahoratli bastakorlar ijod namunalari bilan qatnashgan tanlovda Mutal Burhonov hay’at a’zosi sifatida o‘z asariga qarshi ovoz bergan. Ammo muhokamalar yakunida aynan shu asar davlat madhiyasi sifatida tasdiqlangan.1967-yilga kelib esa matnga ayrim o‘zgartirishlar kiritish zarurati tug‘iladi va bu yumushga shoir Turob To‘la jalb etiladi. Musiqa esa o‘zgartirilmaydi.
“Bilasizmi, u (1947-yilgi madhiya musiqasi — “Daryo” izohi) boshqa narsa. U yerda so‘zi boshqa, so‘zi boshqa bo‘lganidan keyin musiqaning rifmalari ham boshqa. Ohangi, balki, qolgandir, lekin ular musiqani qaytadan, yangi she’rga moslashtirgan va musiqaning ko‘p joylari o‘zgarib ketgan. Yangi madhiyaning musiqasi, so‘zidan kelib chiqqan holda, boshqa narsa”, — deydi kompozitor.
Rustam Abdullayev Rossiya va Tojikistonda ham shunday amaliyot qo‘llanilganini ta’kidlaydi — Rossiyada 2000-yildan kompozitor Aleksandr Aleksandrov tomonidan 1939-yilda yozilgan, 1944-yildan SSSR gimni hisoblangan musiqadan foydalanilmoqda, Tojikistonning 1994-yilda tasdiqlangan madhiyasi musiqasi esa kompozitor Sulaymon Yudakov tomonidan 1946-yilda Tojikiston SSR madhiyasi uchun yozilgan.
“Dunyoning ko‘p davlatlarida shunday — so‘zlari sayqallanishi mumkin, lekin musiqa qolib ketadi. Bu ishning tagida biror nima yo‘q. Ulug‘vorlik, tantanavorlik, insonning dilida madhiyaga nisbatan yaratilgan obrazlar bugun ham, ertaga ham, indinga ham shunday — ustoz Mutal akaga hozir musiqa yozdirsangiz ham, shunday yozib berardilar”, — deydi O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi.
“Juda ulug‘vor, tantanavor, xalqimizning dilida, xalqimizning qulog‘ida bor narsa bo‘lgani uchun ham qo‘llab-quvvatlangan. Chunki bu ommaviylashib ketgan madhiya bo‘lgani uchun, o‘ylaymanki, bu narsaga ko‘p ahamiyat qaratish kerak emas. Eng asosiy maqsad — madhiya zo‘r bo‘lishi kerak. Men birorta kompozitor yo bastakorni ko‘rmadimki, shu ish noto‘g‘ri bo‘ldi, deganini. Norozi bo‘lgan odam bo‘lmagan”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Intervyu yakunida Rustam Abdullayev royalda O‘zbekiston madhiyasi musiqasini ijro etib, Mutal Burhonov dahosiga shunday baho berdi: “Dohiyona musiqa!”.
Izoh (0)