Namanganlik Oydina Mirzahamdamova Kalashnikov avtomatini 6,09 soniyada qismlarga ajratib, respublikadagi eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Oydina 16 yoshda, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 37-maktabning 11-sinfida tahsil oladi. Sinfdoshi va adashi Oydina Rahimberdiyeva bilan birgalikda maktabda tashkil etilgan “Yosh qutqaruvchi” va “Yosh chegarachi” to‘garaklariga qatnashib kelmoqda.
“Harbiy sohaga qiziqish bolalagimdan beri bor, chunki hamma qiz nabiralar buvisi bilan katta bo‘lsa, meni bobom ulg‘aytirganlar. Maktabda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik darslarida qatnashib, bu ishtiyoq yana ham kuchaydi. Shu yo‘nalishdagi musobaqalarga qatnasha boshladim. Ayniqsa, Kalashnikov avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish mashqi yoqib qoldi. To‘g‘ri, bu qiziqish ortidan qo‘lim shishib, ko‘kargan paytlar ham ko‘p bo‘lgan, lekin bunga allaqachon ko‘nikib ketganman”, — deydi qahramonimiz.
Oydinaning o‘qituvchisi va ustozi Hojiakbar Qahhorovning aytishicha, maktab o‘quvchilaridan iborat jamoa Mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilgan turnir, “Yosh chegarachi” musobaqasida yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Joriy yil noyabr oyida esa “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan Chirchiqda tashkil qilingan “Shunqorlar” respublika musobaqasida uchqo‘rg‘onlik o‘quvchilardan iborat viloyat jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bunda Oydinaning ham katta hissasi bor.
Oydinaning Kalashnikov avtomatni qismlarga ajratishga 6,09 soniya, yig‘ishga esa 13,27 soniya, jami 19,36 soniya sarflamoqda. Lekin bu natijadan ko‘ngli to‘layotgani yo‘q.
“Opamning telefoni qo‘limga tushib qolsa, darrov Kalashnikov avtomatini yig‘ish-terish bo‘yicha videolarni ko‘raman. Tataristonlik Komila Badriddinova degan qiz bor, 11 soniyada shu ishni bajarib, dunyo rekordini o‘rnatgan. Harakatlari shunday yengil, o‘zi shunday chaqqon. Undan nimadir o‘rganishga harakat qilyapman. Xullas, hali natijalarim bilan maqtanishga ancha bor”, — deydi u.
Oydina oilada uch nafar qizning o‘rtanchasi. Opasi Ozoda universitet talabasi, bo‘lajak o‘qituvchi, singlisi Mohinur maktabda o‘qiydi, shifokor bo‘lish niyatida. Uning o‘zi esa kelajagini harbiy soha bilan bog‘lamoqchi: harbiy o‘quv yurtlaridan biri yoki Ichki ishlar akademiyasida o‘qish niyati bor. O‘zining aytishicha, uydagilari bunga biroz qarshilik qilib turishibdi, lekin qahramonimiz o‘quv yili tugaguniga qadar ularning fikri o‘zgarishiga umid qilmoqda.