Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi asosida maxsus reyd tadbirlarida qurol saqlash bilan bog‘liq bir qator qonunbuzarlik holatlari aniqlandi, deb xabar qilmoqda shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi.
Ma’lum qilinishicha, maxsus reyd tadbirida hujjatlarini tekshirish maqsadida Lexus avtomobili to‘xtatilgan. O‘rganish vaqtida mashina yukxonasida ov miltig‘i borligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, haydovchi “Qurol to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasi (fuqaroviy va xizmat qurollarini va uning o‘qdorilarini olib yurish) va 21-moddasi (fuqaroviy va xizmat qurollarini, uning o‘qdorilarini saqlash)da nazarda tutilgan talablarni buzgan. Qurol foydalanish uchun tayyor holda yig‘ilgan bo‘lib, hatto o‘qlab ham qo‘yilgani ma’lum bo‘lgan.
Bundan tashqari, Yunusobod tumanida olib borilgan tekshiruvda to‘xtatilgan avtomobil salonidan o‘qotar qurol topilgan.
“Holatlar o‘rganilib, qurol qonuniy yoki noqonuniy olib yurilganiga aniqlik kiritilib, tegishli chora ko‘riladi”, — deyiladi xabarda.